16:16 / 17.04.2021
19551

Shahidlar xiyoboniga amfiteatr, kafe va do‘konlar nega kerak? Qurilish vaziri javobi

Ayni kunlarda Toshkentdagi Shahidlar xotirasi yodgorlik majmuasida qurilish boshlangan. Jadidlar qatl etilgan xotira maydonida amfiteatr, maishiy xizmat binolari va savdo do‘konlari qurilishi e'tirozlarga sabab bo‘lmoqda.

Kun.uz muxbiri 17 aprel kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida qurilish vaziri Botir Zokirovdan shu masalada izoh so‘radi.

Zokirovga ko‘ra, Shahidlar xiyoboni bo‘yicha vazirlik loyihalari yakuniga yetmoqda. Yaqinda Vazirlar Mahkamasida taqdimot ham o‘tkazilgan.

«Loyihadagi birinchi masala – Shahidlar xiyoboni muzeyi, uning fasadi, tom qismlari, barchasini ta'mirlash to‘g‘risida gap ketmoqda. Bularning barchasi qulaylik yaratish nuqtayi nazaridan qilinmoqda. Masalan, ilgari to‘g‘ri zalga kirib borilardi, hozir zalga emas, o‘rtadan eshik ochib kichik hollga, undan ichkariga o‘tiladi. Ichkarida ventilyatsiya tizimlari ishdan chiqqan. O‘tgan yil qattiq yomg‘ir yoqqanida binoga suv o‘tib ketgan. Shunga o‘xshash holatlar bor, qayta ta'mirlanadi», – dedi qurilish vaziri.

Vazir o‘z javobida yuqoridagilarga qo‘shimcha ravishda butun hududda obodonlashtirish ishlari borayotgani va bu loyihaga o‘zgartirish kiritish masalasi ko‘rib chiqishga tayyorligini aytdi.

«Mening o‘zim u yerda katta bo‘lganman. Hozir bu joyda ertalab va kechki payt odam ko‘p. Majmuaning holati ayni vaqtda judayam nochor. Shuning uchun piyodalar yo‘laklari, veloyo‘laklar, veloprokat, amfiteatr, kafe, avtoturargoh, bundan tashqari, majmuaning asosiy binosi qurilmoqda.

Albatta, agar loyihada kamchiliklar bo‘lsa, buni muhokama qilishga tayyormiz.

Hozirgi vaqtda muzey bor-u, muzey xodimlari o‘tiradigan joy yo‘q. Aslida, shahidlar bo‘yicha juda katta ma'lumotlar bazasi bor, yirik o‘rganishlar amalga oshirish kerak, shuning uchun alohida bino qilinmoqda.

Loyihani muhokamaga qo‘yamiz, agar qarama-qarshiliklar bo‘lsa, uni ham ko‘rib chiqamiz. Maqsad – shahid bobolarimizning ruhini shod qilish, majmuani obod qilish», – dedi qurilish vaziri Botir Zokirov.

Top