21:38 / 17.04.2021
21736

Shifokorlar Navalniyning ahvoli og‘irligini ma'lum qildi

Navalniyni davolovchi shifokorlar jazoni ijro etish federal xizmati boshlig‘i Aleksandr Kalashnikovga siyosatchining ahvoli og‘ir ekanini bildirib murojaat yo‘llagan.

Foto: Reuters

«Alyans vrachey» kasaba uyushmasi rahbari, Aleksey Navalniyni davolovchi shifokor Anastasiya Vasileva muxolifatchining qon tahlili nusxasini chop etdi. Shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, siyosatchida buyrak yetishmovchiligi kuchaygan va yuragi to‘xtab qolishi ehtimoli bor, deb yozadi «Kommersant'».

Xabar qilinishicha, Navalniyni davolovchi shifokorlar jazoni ijro etish federal xizmati boshlig‘i Aleksandr Kalashnikovga siyosatchining ahvoli og‘ir ekanini bildirib murojaat yo‘llagan.

«Ikki kun o‘tdi, ammo bizga hech kim javob bermadi. Qondagi kaliy miqdori — 7,1 mmol/l. Bu xavotirli raqam. Bu buyrak yetishmovchiligi va yurak ritmi istalgan daqiqada buzilishini: oshqozon fibrillyatsiyasidan yurak to‘xtashigacha yuz berishi mumkinligini bildiradi», deb yozgan «Anastasiya Vasileva jamoasi» Twitter sahifasida.

«Uning ahvoli haqiqatan ham og‘ir», — degan «Alyans vrachey» matbuot kotibi Aleksandra Zaxarova Reuters agentligiga.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «gap haftalar yoki kunlar emas, balki soatlar haqida bormoqda».

Vladimir Putinning ashaddiy tanqidchisi bo‘lgan Navalniy fevral oyida Iv Roshe ishi bo‘yicha ozodlikdan mahrum qilingandi. Avgust oyida zaharlanish tashxisi bilan kasalxonaga tushgan siyosatchi davolanishni Germaniyada davom ettirgan va Rossiyaga qaytgan kunidayoq qo‘lga olingan. 31 mart kuni siyosatchi oldiga shifokorni kiritishmagani uchun ochlik e'lon qilgandi.

Top