09:02 / 18.04.2021
7091

«O‘zbekneftgaz»: Boshqaruv raisi «Muborak» gazni qayta ishlash zavodida amalga oshirilayotgan loyihalar holatini o‘rgandi

«O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev va ishchi guruh a’zolari tomonidan «Muborak» gazni qayta ishlash zavodi faoliyati va investitsion loyiha doirasida amalga oshirilayotgan ishlarning holati o‘rganildi.

«O‘zbekneftgaz» AJning 2021 yil manzilli dastur loyihasi ijrosini ta’minlash maqsadida, «Muborak» gazni qayta ishlash zavodida manzilli dastur bo‘yicha amalga oshirilishi kerak bo‘lgan loyihalar joyidan tanishib chiqildi.

Xususan, gazni oltingugurtli birikmalarda tozalash bo‘yicha 5-sex tarkibidagi 16-, 17-, 18-bloklar va 19-, 20-, 21– qurilmalar modernizatsiya loyihasi bo‘yicha boshqaruv pulti qurilishi bo‘yicha qilinayotgan ishlar bilan tanishgan Boshqaruv raisi mas’ullarga tegishli topshiriqlar berdi.

Boshqaruv raisi qurilmalar 1986-1990 yillar oralig‘ida ishga tushirilganini ta’kidlab, ularning avtomatik boshqaruv tizimi o‘tgan asrning 70-80 yillarida ishlab chiqarilganini va hozirgi bu asbob-uskunalar moddiy hamda ma’naviy jihatdan eskirganini aytib o‘tdi.

Shuningdek, ehtiyot qismlar ishlab chiqarishdan chiqib ketgani va hozirda jihozlarning mutlaqo yangicha zamonaviy ko‘rinishdagilaridan foydalanish zarurligi borasida vazifalar belgilandi.

Bundan tashqari, modernizatsiya qilish loyihalarini jadallashtirish va moliyaviy mablag‘lardan samarali foydalanish maqsadida, ushbu loyihalarni bosqichma-bosqich amalga oshirish bo‘yicha tegishli departament hamda zavod boshliqlariga ko‘rsatmalar berildi.

Zavodda tabiiy gazni qayta ishlash qurilmalarining infrastruktura obektlarini modernizatsiya qilish yo‘nalishida mavjud elektr ta’minoti tizimi transformator stansiyalarini modernizatsiya qilish, uzoq vaqt davomida ishlatilib kelinayotgan suv yordamida sovitish gradirnyalari o‘rniga energiya tejamkor texnologiyalar asosida har bir qurilma uchun yangi mini gradirnilarni qurish loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlarini ishlab chiqish bo‘yicha zavod rahbariyatiga topshiriqlar berildi.

Shuningdek, o‘rganish davomida Muborak gazni qayta ishlash zavodining 50 yilligi munosabati bilan zavod hududini obodonlashtirish, ishchilarning mehnat sharoitini yaxshilash, qurilishi rejalashtirilayotgan

250 o‘rinli oshxonaning qurilishi loyihasi o‘rganildi va bu borada alohida «Yo‘l xaritasi» ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

«O‘zbekneftgaz» AJ
Matbuot xizmati 

Top