15:47 / 18.04.2021
19165

Qurilish vaziri Samarqandda buzilishi belgilangan noqonuniy uylar taqdiri bo‘yicha ma'lumot berdi 

Samarqand shahrining tarixiy qismida belgilangan tartib-qoidalarga zid ravishda qurilgan uylarning buzilishi ma'lum qilingan bo‘lsa-da, bu ish bir necha yildan buyon ortga surib kelinmoqda. Qurilish vaziri Botir Zokirov jurnalistlar bilan uchrashuvda bu bo‘yicha qisqacha izoh berdi.

«Samarqand bo‘yicha ming afsus, ehtimol, liberalligimiz sabab bo‘lgandir, bugun juda ko‘p noqonuniy uylar bor. Vazirlar Mahkamasi qarori bor, bu bo‘yicha barcha noqonuniy qurilgan uylarni tahlil qilib chiqdik. Loyiha, takliflar ishlab chiqilgan.

Masalan, YuNeSKO e'tirozlari bo‘yicha 23ta binoning balandligini qisqartirish choralari ishlab chiqilgan. Bu loyihalarning summasi juda katta.

Shunchaki binoning ustini olib tashlab bo‘lmaydi. Unga ham loyiha qilinadi, o‘zining texnologiyasi bor. U binolar faqat kesib olinadi. Diametri ikki metrli maxsus olmos parmalar bilan kesiladi. U maxsus pichoqli parmalar bilan 85 sm qalinlikdagi devorni kesa oladi, tarkibi g‘isht, beton, armatura — nimadan iborat bo‘lishidan qat'i nazar. Lekin bu narsalar juda qimmat turadi. Boshqacha yo‘l tutishning imkoni yo‘q. Qurish oson, buzish qiyin.

Gap aslida bu uskunaning pulida ham emas. Masalan, noqonuniy uy qurganlardan biri hozir bilasiz, [qamoqda] o‘tiribdi. Ammo bu uylarga odamlar ko‘chib kirgan, ularni chiqarishda muammo bor.

Uylarni kesgan bilan unda yashovchilar taqdiri turibdi. Odamlarni ko‘chaga haydab yubormaysiz-ku?! Bu muammo hozircha bizni to‘xtatib turibdi. Boshqa masalalar, taklif va loyihalar tayyorlab bo‘lingan. O‘ylaymanki, buning ham yechimi bo‘ladi», deydi vazir. 

Top