09:29 / 20.04.2021
3079

O‘zbekiston chakana va ulgurji savdo tovar aylanmasi hajmida o‘sish kuzatildi

Joriy yil yanvar-mart oylarida respublika chakana savdo tovar aylanmasi hajmi o‘tgan yil mos davriga nisbatan 2,8 foizga, ulgurji savdo tovar aylanmasi esa 9,4 foizga o‘sdi.

Davlat statistika qo‘mitasi 2021 yilning 1-choragi bo‘yicha O‘zbekiston chakana va ulgurji savdo tovar aylanmasi to‘g‘risida ma'lumot berdi.

Chakana savdo tovar aylanmasi

Respublika bo‘yicha joriy yil yanvar-mart oylarida chakana savdo tovar aylanmasi hajmi 46 trln 738 mlrd 100 mln so‘mni tashkil etib, 2020 yilning mos davriga nisbatan 2,8 foizga oshdi.

Jumladan:

  • yirik korxonalarning tovar aylanmasi 8 trln 164 mlrd 100 mln so‘mni (o‘sish sur'ati 20,9 foiz);
  • kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlarining tovar aylanmasi 34 trln 295 mlrd 300 mln so‘mni (o‘sish sur'ati 9,5 foiz);
  • shundan uyushmagan savdo tovar aylanmasi 4 trln 278 mlrd 600 mln so‘m (o‘sish sur'ati 1,7 foiz)ni tashkil etdi.

Respublika chakana savdo tovar aylanmasida eng yuqori ulush Toshkent shahrida 11 trln 225 mlrd 900 mln so‘m (24 foiz) bilan qayd etildi. Eng quyi ulush esa 787,6 mlrd so‘m (1,7 foiz) bilan Sirdaryo viloyati hissasiga to‘g‘ri keldi.

2021 yilning yanvar-mart oylari holatiga ko‘ra, o‘rtacha aholi jon boshiga chakana savdo tovar aylanmasi 1 mln 349 ming so‘mni (2020 yilning mos davriga nisbatan 0,9 foizga oshdi) tashkil etdi.

Ushbu ko‘rsatkichni hududlar kesimida solishtirilganda eng yuqorisi Toshkent shahri (4 mln 149 ming so‘m), Navoiy (1 mln 728 ming so‘m) va Toshkent (1 mln 629 ming so‘m) viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keldi.

Ulgurji savdo tovar aylanmasi

Respublika bo‘yicha 2021 yil 1-choragida ulgurji savdo tovar aylanmasi hajmi 24 trln 748 mlrd 200 mln so‘mni tashkil etib, 2020 yilning mos davriga nisbatan 9,4 foizga o‘sdi.

Jumladan, yirik korxonalarning savdo tovar aylanmasi 7 trln 670 mlrd 500 mln so‘mni (37 foizga ko‘paydi) tashkil etdi.

Ulgurji savdo tovar aylanmasida yuqori o‘sish sur'atlariga ega yirik korxonalar Buxoro viloyati (22 foiz), Toshkent shahri (10,7 foiz) va Samarqand (5,4 foiz) viloyatida kuzatildi.

Hisobot davrida ulgurji savdoda davlat sektorining jami ulgurji tovar aylanmasidagi ulushi 0,1 foizni tashkil qildi.

2021 yilning yanvar-mart oylari yakunlari bo‘yicha ulgurji savdo aylanmasi 74 trln 603 mlrd 400 mln so‘m bo‘lib, shu jumladan, nodavlat tasarrufga ega sub'yektlar tomonidan ulgurji savdo aylanmasi 74 trln 574 mlrd 500 mln so‘mni va davlat tasarrufiga ega korxonalar tomonidan 28,9 mlrd so‘mni tashkil etdi.

Hududlar kesimida ulgurji savdo tovar aylanmasi bo‘yicha mulkchilik shakllari ulushi tahlil qilinganda, davlat mulkiga tegishlisi hali ham Toshkent shahrida (0,07 foiz), Navoiy (0,04 foiz) va Andijon (0,02 foiz) viloyatlarida saqlanib qolinganini ko‘rish mumkin. Boshqa barcha hududlarda ulgurji savdo to‘liq nodavlat mulkka tegishli.

Mavzuga oid
Top