21:37 / 20.04.2021
5730

 O‘zbekistonda islom moliyasini joriy etish bo‘yicha so‘rov o‘tkazildi

O‘zbekistonda islom moliyasini joriy etish borasida aholi fikrini bilish uchun maxsus so‘rov o‘tkazildi. Natijalarga ko‘ra, ishtirokchilarning 60 foizdan ortig‘i mazkur tizim yo‘lga qo‘yilishiga xayrixohlik bildirgan.

O‘zbekistonda islom moliyasini tashkil etish bo‘yicha aholi fikrini bilish maqsadida 2 ming 235 nafar biznes vakillari hamda 5 ming nafar jismoniy shaxslar orasida so‘rov o‘tkazildi. Bu haqda Oliy Majlis qonunchilik palatasida o‘tkazilgan davra suhbatida ma'lum qilingan.

Qayd etilishicha, to‘g‘ridan to‘g‘ri va onlayn shaklda o‘tkazilgan so‘rovda biznes sub'yektlarining 38 foizi, jismoniy shaxslarning 56 foizi diniy qarashlari sabab an'anaviy bank kredit xizmatidan foydalanmasligini bildirgan.

Ishtirokchilarning 61 va 75 foizi O‘zbekistonda islom moliya muassasalari ish boshlasa yoki islom moliya xizmatlari taklif etilsa, uni tanlashga tayyor ekanligini aytgan.

Shuningdek, so‘rovda banklar ham ishtirok etgan va ulardan O‘zbekistonda islom moliya tizimini joriy etishdagi eng katta to‘siqlar va muammolar haqida so‘ralgan.

Ma'lum bo‘lishicha:

  • islom moliya mahsulotlari va xizmatlarini, jumladan, islom sug‘urtasi bo‘lgan «takoful»ni tartibga soluvchi qonunlar yo‘q;
  • amaldagi bank faoliyati va soliq bo‘yicha qonunchilik islom huquqi tamoyillari asosida ishlaydigan banklar uchun moslashtirilmagan;
  • banklardagi mavjud dasturiy ta'minot tizimlari islom moliya bitimlari bo‘yicha amaliyot o‘tkazishga mos emas;
  • islom moliyasi va banki bo‘yicha mutaxassislar oliy ta'lim tizimida tayyorlanmaydi. Shu bois, mutaxassislar kam, amaliy tajriba esa yo‘q. Shuningdek, aholining islom moliyasi haqida bilim va tushunchalari ham yetarli emas.

«O‘zbekiston aholisining 90 foizidan yuqori qismi Islom diniga e'tiqod qiladi va e'tiqodi tufayli 15-20 foizga yaqin aholi an'anaviy kreditlash tizimidan foydalanmayapti.

Muqobil kreditlash tizimi orqali esa mazkur qatlam ham to‘liq qamrab olinishi mumkin. Bu ana shu qatlam omonatlarini iqtisodiyotga jalb etish, ulardan esa oqilona foydalanish uchun katta imkoniyat yaratadi. Ya'ni bu orqali «zaxiradagi» ichki investitsiyalarni iqtisodiyotimizning o‘sishiga jalb qilish, xufiyona iqtisodiyot salmog‘ini kamaytirish, eng muhimi, tadbirkorlikni rivojlantirishimiz mumkin bo‘ladi», deyiladi xabarda.

Hozirda O‘zbekistondagi biznes sub'yektlarining 80 foizi ichki manbalar hisobidan moliyalashtiriladi va ularning chorak qismigina kredit xizmatidan foydalanadi. Bank aktivlarining 85 foizi esa davlat banklariga tegishli va ularda kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirish uchun sanoqli mahsulotlar mavjud.

Ma'lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda dunyodagi 300 dan ziyod islom banki va moliya muassasalarining yalpi aktivlari 2,5 trillion AQSh dollaridan oshib, yiliga 15-20 foizga o‘smoqda.

Tizimni iqtisodiyotga joriy etish uchun amaldagi bank qonunchiligi, soliq va fuqarolik kodekslari hamda boshqa qonunosti hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish yoki alohida qonun qabul qilinishi lozim bo‘ladi. Qolaversa, bu sohada kadrlarni tayyorlash va aholining savodxonligini oshirish ham muhim ahamiyatga ega.

Mutaxassislarning aytishicha, islomiy moliyalash tizimi aholi qo‘lidagi bo‘sh mablag‘larni real iqtisodiyotga jalb qilish orqali ham iqtisodiyot, tijorat va aholi farovonligini sezilarli darajada faollashtirishga qo‘shimcha imkon yaratadi.

Ma'lumot uchun, islomiy moliya foyda va zararni bo‘lishish hamda real aktivlarga asoslangan moliyalashtirishni ko‘zda tutadi. Ya'ni u –sherikchilikka asoslanadi.

Tizimda mijoz talabi bilan obektni qurish, asbob-uskunalar, tovar, xomashyolar olib berishi yoki ularni ijaraga berishi mumkin. Sheriklik asosidagi mazkur moliyalash tizimi daxlsizlik, shartnoma majburiyatlariga rioya qilish, tavakkalchiliklar, foyda va daromadlarni adolatli taqsimlash, iqtisodiy farovonlik va ijtimoiy adolatning muvofiqlik tamoyillariga asoslanadi.

Axloqiy me'yorlarga rioya qilish, ijtimoiy adolat, qonun doirasida harakat qilish, mablag‘larni me'yorida sarflash va monopoliyaga qarshi kurashish mazkur tizimning fundamental asosi hisoblanadi.

Top