09:43 / 21.04.2021
21717

Sobiq politsiyachi Derek Shovin Jorj Floydning o‘limida aybdor deb topildi 

Jorj Floyd va Derek Shovin / Foto: Getty Images

AQShning Minneapolis shahri sudida sobiq politsiyachi Derek Shovin afroamerikalik Jorj Floydning o‘limida aybdor deb topildi. Floyd 2020 yil may oyida Shovin unga nisbatan qo‘llagan zo‘ravonlik oqibatida vafot etgandi

Barcha 12 nafar hukm chiqaruvchi sobiq politsiyachini unga qo‘yilgan barcha moddalar – ikkinchi darajali qotillik, ikkinchi darajali qasddan sodir etilmagan qotillik va uchinchi darajali qotillik moddalari bo‘yicha aybdor deb topishgan. Bu moddalar bo‘yicha 40 yilgacha ozodlikdan mahrum etish ko‘zda tutilgan.  

Shovin sud vaqtida rasman ozodlikda bo‘lgan. U aybdor deb topilgach, qo‘llariga kishan solingan holda sud zalidan olib chiqilib, qamoqxonaga jo‘natilgan. Sobiq politsiyachi bu yerda unga jazo tayinlanishini kutadi. Ta'kidlanishicha, yakuniy hukm 2 oydan keyin chiqariladi.  

Shovin aybdor deb topilgach, Floydning oila a'zolari bayonot berib, unda chiqarilgan ayblov xulosasi nafaqat Minneapolis tashqarisiga chiqishini, balki mamlakat va hattoki butun dunyo uchun muhim ahamiyatga egaligini aytishgan. 

Sud jarayoni vaqtida sud binosi atrofi beton to‘siqlar va tikanli sim bilan o‘rab olingan. Milliy gvardiya kuchlari tartib saqlanishini ta'minlagan. 

Shovin aybdor deb e'lon qilingach, AQSh prezidenti Jo Bayden va vitse-prezident Kamala Harris Floydning oila a'zolariga qo‘ng‘iroq qilishgan. 

«Barchamiz yengil tortdik. Barcha uch modda bo‘yicha aybdor deb topildi. Bu haqiqatda muhimdir. Biz bundan ham ko‘prog‘ini qilmoqchimiz», – deb aytgan Bayden suhbat vaqtida.

46 yoshli Jorj Floyd politsiya tomonidan qo‘lga olinishi vaqtida qo‘llangan zo‘ravonlik oqibatida vafot etgandi. Sobiq politsiyachi Derek Shovin Floyd bo‘g‘ilayotganini aytishiga qaramasdan, 8 daqiqadan ko‘proq uning bo‘ynini tizzasi bilan bosib turgandan keyin hushini yo‘qotgan. Keyinroq shifoxonada uning o‘lgani qayd qilingan. Floydning o‘limi AQShda irqchilikka qarshi Black Lives Matter deb nom olgan norozilik namoyishlari avj olishiga olib kelgan. Ko‘p holatlarda namoyishlar marodyorlik va tartibsizliklar bilan kechgan.  

AQShdagi namoyishlar boshqa bir qator davlatlarda ham politsiya zo‘ravonligi va irqchilikka qarshi namoyishlar boshlanishiga turtki bo‘lgan. 

Mavzu
Minneapolisdagi namoyishlar
25 may kuni Minneapolisda politsiya tomonidan qo‘lga olingan 46 yoshli afroamerikalik Jorj Floyd vafot etgach AQShda ommaviy namoyishlar boshlanib ketdi.
Barchasi
Top