21:57 / 23.04.2021
10621

Banklar 2020 yilda fuqarolardan 445 mln so‘m komission mablag‘ni asossiz undirgan

Banklar tomonidan asossiz undirilgan 445 mln so‘m mablag‘ fuqarolarga qaytarib berildi, dedi Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov.

O‘zbekiston Markaziy banki bank xizmatlari iste'molchilarining huquqlarini himoya qilish borasida 2020 yilda 30ta tijorat bankidan 730 mln so‘mlik jarima undirgan.

Asossiz undirilgan 445 mln so‘m miqdoridagi komission mablag‘lar fuqarolarga qaytarib berilgan.

Bu haqda Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov 23 aprel kuni Senat yalpi majlisidagi nutqida ma'lum qildi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Nurmurodov o‘z so‘zida aholining moliyaviy savodxonligi og‘riqli muammo bo‘lib qolayotgani haqida to‘xtaldi.

«Aholining moliyaviy savodxonligini oshirish – bu bizning og‘riqli nuqtamiz. Shuni inobatga olib, Markaziy bank tomonidan moliyaviy savodxonlikni oshirish bo‘yicha axborot-ta'lim resursi ishga tushirildi va uni moliyalashtirgan holda «Moliyaviy savodxonlik asoslari» darslik o‘quv-qo‘llanmasini ishlab chiqdik.

Buni yo‘nalishi iqtisodiy bo‘lmagan, ya'ni gumanitar sohadagi oliy o‘quv yurtlariga fakultativ tarzda kiritish niyatimiz bor. Shuningdek, bu borada iste'molchi eslatmasi ham chiqarilib, tijorat banklari orqali 60 ming nuqtada aholiga tarqatildi.

Davriy so‘rovlar o‘tkazish orqali banklarning xizmatlar ko‘rsatish sifatini baholash uslubiyotini amaliyotga joriy etdik. Bundan hali barcha bank xizmatlaridan foydalanuvchi aholimiz foydalangani yo‘q. Kelajakda buni ham kengaytirib, banklarni baholash bo‘yicha keng qamrovli so‘rovlar asosida baho tizimini joriy qilmoqchimiz.

Bugungi kunda Jahon banki bilan birgalikda 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish bo‘yicha milliy strategiya ishlab chiqildi. 2021 yilda Markaziy bank nazorat funksiyalarining ma'lum bir qismini tartibga soluvchi maxsus huquqiy rejimni joriy etish niyatimiz bor», – dedi MB rahbari.

Eslatib o‘tamiz, kapital bozorini rivojlantirishga oid farmon asosida, «Moliya va investitsiya savodxonligi» dasturi amalga oshirilishi xabar qilingandi.

Dastur orqali aholi va tadbirkorlik sub'yektlari moliyaviy savodxonligini oshirish, maktab o‘quvchilari hamda noiqtisodiy yo‘nalishdagi OTM talabalari uchun «Moliyaviy savodxonlik» o‘quv kursini fan sifatida joriy etish, Moliyaviy savodxonlik olimpiadalari»ni tashkil etish belgilangan.

Top