10:40 / 24.04.2021
19257

Bosh prokuror Chorvoqdagi «margimush qabristoni» va undan kutilayotgan xatar xususida ma'lumot berdi

O‘zbekiston bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev Oliy Majlis Senatining 14-yalpi majlisida Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan Chorvoq suv ombori atrofidagi margimush zaharli kimyoviy moddasi ko‘milgan hudud, undan sizib chiqayotgan suvlar qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida ma'lumot berdi.

«Tashvishli holatlardan yana birini oldinroq o‘tkazgan o‘rganishlarimizda aniqlaganmiz. Chorvoq suv ombori atrofida margimush zaharli kimyoviy moddasi ko‘milgan joy bor. Ushbu hududdan sizib chiqayotgan suvlar Toshkent viloyati, Toshkent shahri, qolaversa, keyingi viloyatlarimizning ichimlik suvini zararlantirishga olib keladi.

Bu borada Vazirlar Mahkamasining, yanglishmasam, 2010 yildan keyin qabul qilingan qarori ham bor. Bu hududni qabriston deymiz. Hukumat qarorida shu hududni boshqa joyga ko‘chirish masalasi bor. Agar ertaga suv ko‘payib ketsa, ulardan oqib chiqadigan zararli moddalar aholimiz sog‘lig‘iga jiddiy putur yetkazishi aniq.

Shuning uchun ham hozir Vazirlar Mahkamasida 10 ta shtat birligidan iborat ekologiyani saqlash bo‘yicha inspeksiya tashkil qilindi. Inspeksiya mustaqil ravishda faoliyat yuritadi. Prokuratura organlariga bu jarayonni nazorat qilish uchun 10 kishidan iborat shtat birligi ajratildi. O‘tgan yilning o‘zida o‘zimizning xodimlardan 10 nafarini shu ish uchun ajratdik va ular to‘liq faoliyat ko‘rsatishga o‘tishdi», – deydi bosh prokuror.

Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 23 fevraldagi «2021-2022 yillarda Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida Bo‘stonliq tumanining «Yakka tut» mahallasidagi Margimush qabristonini loyiha asosida rekonstruksiya qilish uchun mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan 5 mlrd so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu vazifa 2021 yil davomida amalga oshirilishi belgilangan.

Top