14:20 / 24.04.2021
20046

Markaziy bank plastik karta egalarini ogohlikka chaqirdi

Markaziy bank plastik karta egalaridan telefonga kelgan bank kartalari bilan bog‘liq bir martalik SMS-kodni, tijorat banklari, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlarining mobil ilovalariga kirish huquqini beruvchi login va parollarni hech qanday shaxslarga aytmaslikka chaqirmoqda.

Markaziy bank axborotida ta'kidlanishicha, mobil telefonga kelgan bir martalik SMS-kod, mobil ilovalar, veb-ilovalarga kirish huquqini beruvchi login va parollar bank xodimlari tomonidan so‘ralmasligi, shu bois hech kimga bunday ma'lumotlarni bermaslik zarurligi to‘g‘risida ijtimoiy tarmoqlar, televideniye, rasmiy manbalar orqali doimiy ogohlantirishlar berib borilmoqda.

Shunga qaramay, fuqarolar orasida firibgarlarning psixologik ta'siriga tushib, aldanib qolish holatlari uchramoqda.

Foydalanuvchilarning qo‘l telefoniga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini Markaziy bank, tijorat banki, to‘lov tashkiloti yoki to‘lov tizimi operatorining nomidan xavfsizlik, plastik karta, mijozlarni qo‘llab-quvvatlash yoki boshqa bo‘lim xodimi deb tanishtirib, mobil ilova buzilgani, bank kartasi blok holatiga tushgani, kartadan noqonuniy pul yechib olishga urinishlar bo‘layotgani va shu kabi turli uydirmalarni keltirgan holda darhol chora ko‘rilmasa, barcha mablag‘lardan ayrilishi haqida aytib, firibgarlar tomonidan ijtimoiy injyeneringni qo‘llagan holda turli psixologik bosim o‘tkazishga urinish holatlari kuzatilmoqda.

Markaziy bank turli firibgarlik yo‘li bilan bank kartalaridagi pul mablag‘lari yechilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida fuqarolarni ogohlantiradi:

Hech qachon telefoningizga kelgan bank kartalari bilan bog‘liq bir martalik yuborilgan SMS-kodni, tijorat banklari, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlarining mobil ilovalariga kirish huquqini beruvchi login va parollarni hech qanday shaxslarga aytmang. Ular sizdan olgan ma'lumotlar (SMS kod, login va parol va h.k) orqali bank kartangizdagi pul mablag‘larini ko‘chirib olish yoki sizning ruxsatingizsiz boshqarish imkonini qo‘lga kiritadi.

Avvalroq, Uzcard va Humo kompaniyalari o‘rtasida imzolangan kelishuvga asosan, 2021 yilning oxiriga qadar to‘lov tizimi terminallari ikkala turdagi kartalarni ham qabul qila boshlashi ma'lum qilingandi.

Top