10:25 / 26.04.2021
3540

YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori o‘zgarmoqda

O‘zbekistonning Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT)dagi doimiy vakili, elchi Abat Fayzullayev shveysariyalik diplomat Per fon Arks bilan onlayn-muloqot o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.

O‘zbekiston doimiy vakolatxonasi ma'lumotiga ko‘ra, Shvetsiyaning YeXHTdagi raisligi Per fon Arksni YeXHTning mamlakatdagi loyihalari koordinatori idorasining yangi rahbari etib tayinladi. Diplomat yangi vazifasini bajarishga joriy yil may oyida kirishadi.

O‘zbekiston elchisi Per fon Arksni yuqori lavozimga tayinlangani bilan tabrikladi, uning barcha bilim va tajribasi mamlakatning YeXHT bilan o‘zaro aloqalarini yanada mustahkamlash va rivojlantirishga hissa qo‘shishiga umid bildirdi.

O‘z navbatida, Per fon Arks so‘nggi yillarda O‘zbekistonning ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy hayotida amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlarni, YeXHT va O‘zbekiston o‘rtasidagi izchil rivojlanib borayotgan munosabatlarni yuqori baholadi.

U YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori idorasi rahbari sifatida mamlakat hayotiga joriy etilayotgan islohotlar va o‘zgarishlar muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga hissa qo‘shishga tayyorligini izhor qildi.

Per fon Arks YeXHTning Bishkekdagi Dastur byurosiga rahbarlik qilib kelayotgan edi. 2006-2016 yillarda u Shveytsariyaning YeXHT huzuridagi missiyasida maslahatchi, so‘ngra doimiy vakil o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.

Kanadalik Jon MakGregor 2016 yil may oyidan boshlab YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori sifatida ishlab kelayotgandi. U YeXHTning Turkmanistondagi missiyasi rahbari lavozimiga tayinlandi.

Mavzuga oid
Top