20:35 / 27.04.2021
21931

O‘t o‘chirish mashinasida bozorga xlor sepish – odamlar ustidan kulish emasmi?

Andijon va Surxondaryo viloyatlarida koronavirusga qarshi kurash niqobi ostida sodir etilgan bu kabi ibtidoiy harakatlarni insonlar ustidan kulish deb baholash mumkin.

Andijon viloyatining Marhamat va Surxondaryo viloyatining Denov tumanlarida FVBning o‘t o‘chirish mashinalari ko‘chalar va bozorlarda odamlar ustiga yuqori bosimda xlor sepib chiqdi.

Bu voqealar aks etgan videolar internetda tarqalgach, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining noroziligini uyg‘otdi.

Andijon viloyati hokimligi xlorli suv sepilayotgan vaqtda odamlar bo‘lmaganini ta'kidlagan bo‘lsa, Favqulodda vaziyatlar vazirligi hodisa yuzasidan o‘rganish yakunlari bo‘yicha tegishli xodimlarga intizomiy ta'sir choralari ko‘rilishini ma'lum qildi.

Andijon viloyati hokimligi bergan munosabat biroz odamni o‘ylantiradi. Sababi, holat yuz bergan 25 aprel kuni yakshanbaga to‘g‘ri kelgan va ayni shu kuni bozor atrofida odam bo‘lmasligi sog‘lom aqlga sig‘maydi.

«Bozor radiouzeli tomonidan xarid uchun kelganlar va sotuvchilar holat yuzasidan ogohlantirilgani» esa yanada kulgili.

Shuningdek, viloyat hokimligi o‘z munosabatida «Avtomashinalar dezinfeksiyalanayotgan paytda aholi bozor ichida bo‘lgan», – deya iddao qilmoqda.

Biroq, videodan ma'lumki, u yerda odamlar bo‘lgan. Hatto Favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimi ovoz kuchaytirgich orqali: «Azam aka, qoching», deya ta'kidlagani ham videoda aks etgan. Bundan tashqari, avtomobillar ortidagi do‘konlarning eshiklari lang ochiq holatda xaridorlarga xizmat qilayotganini ko‘rishimiz mumkin.

Maxsus komissiya qaroriga muvofiq foydasiz ekani aytilgan bunday dezinfeksiya qilish yuqoridan berilgan topshiriqmi-yo‘qmi, degan savolimizga Marhamat tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimi qayta qo‘ng‘iroq qilishini aytib, raqamini o‘chirib qo‘ydi. Savolimiz esa ochiq qoldi.

Maxsus komissiya tomonidan kasallik aniqlangan taqdirda o‘sha muassasa karantinga olinishi ta'kidlangan, biroq bunday tarzda dezinfeksiya qilish haqida so‘z bormagan.

«Kasallik o‘chog‘i aniqlangan» degan iddaoga tahliliy jihatdan yondashsak, dezinfeksiyadan 1 kun oldin, ya'ni 24 aprel kuni Andijon viloyatidan 5 nafar fuqaroda koronavirus aniqlangan. Deylik, 5 nafar kasallikka chalinganlarning hammasi Marhamat tumanidan bo‘lgan taqdirda ham (aslida bunday emasligi aniq), ushbu hudud «kasallik o‘chog‘i» bo‘la olmaydi. Yoki mas'ullar kasallik ko‘p chiqsa ham, raqamlarda uni kam ko‘rsatayotgan, degan xulosaga kelish mumkin.

Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, Andijon viloyati hokimligi o‘z munosabatida aybni odamlarga ag‘darishga urinmoqda. Biroq inson omili har qanday vaziyatda ham birinchi o‘rinda ekanini unutmaslik darkor.

Surxondaryo viloyatining Denov tumanidagi holat bo‘yicha esa hozircha faqat FVV munosabat bildirgan. Tuman va viloyat hokimligi sukutni afzal bilmoqda. Aslida esa vaziyat ularda murakkabroq. Bir tomondan xlorlangan suv ochiqchasiga odamlar ustiga sepilgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan yuqori tezlikda harakatlanayotgan o‘t o‘chirish mashinasi yo‘lovchilarga katta xavf tug‘dirgan.

Tarqalgan videodan ko‘rish mumkinki o‘t o‘chirish mashinasi savdo rastalari orasi bo‘ylab harakatlangan, yo‘ldan uchragan jism borki, urib ketavergan. Shuning barobarida insonlar bilan bir qatorda savdodagi mahsulotlar ham xlorga «cho‘miltirilgan».

Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Ilmira Roziqovaning ta'kidlashicha, xlorli eritmalarning inson organizmiga xatarli ta'siri juda kuchli. Mutaxassisning aytishicha, xlorli eritmalardan noto‘g‘ri foydalanish yuqori nafas yo‘llarining yengil qizarishidan to yengil kuyishgacha bo‘lgan holatlarni keltirib chaqiradi. Buning natijasida insonda allergik rinit, kon'yunktivit, bronxit va hatto og‘ir kasallik hisoblanuvchi bronxial astma kelib chiqishi mumkin.

Koronavirusga qarshi kurash niqobi ostidagi bu kabi ibtidoiy harakatlarni hech shubhasiz insonlar ustidan kulish, ularni tahqirlash deya baholash mumkin.

Har ikki holatda ham shu bema'ni harakatlarni sodir etganlar hamda shunga ko‘rsatma berganlar qanday ko‘rinishda bo‘lmasin, jazolanishi shart.

O‘zingizni ehtiyot qilib, karantin qoidalariga rioya qilgan holda ko‘chaga chiqishingizni tavsiya qilamiz.

Abduvali Qurbonov,
Kun.uz muxbiri.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top