20:36 / 27.04.2021
12919

Pandemiya vaqtida yashash uchun eng yaxshi davlatlarning yangi reytingi taqdim etildi

Yangi Zelandiya pandemiya vaqtida yashash uchun eng yaxshi davlatlar reytingidagi yetakchilikni boy berdi. Bloomberg axborot agentligi tomonidan 2020 yil noyabrida birinchi marta e'lon qilingan reytingda endilikda Singapur eng yuqori pog‘onani egallamoqda.

Ta'kidlanishicha, Singapur koronavirusga qarshi samarali kurashmoqda va Yangi Zelandiyaga nisbatan aholini tezroq sur'atlar bilan emlamoqda.

Reytingda dunyoning eng yirik iqtisodiyotga ega davlatlaridagi vaziyat 100 ming aholiga koronavirusdan kasallanganlar soni, 1 mln aholiga o‘limlar soni, bir oyda COVID-19dan o‘lim darajasi, aholining emlangan qismi, vaksinalar taqdim qilingani, harakatlanish erkinligi kabi 10ta mezon bo‘yicha baholanadi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, aprel oxiriga kelib, Singapurda aholining 20 foizi emlab bo‘lingan, koronavirusdan o‘lim darajasi esa 1 mln aholiga bor-yo‘g‘i 5 kishini tashkil qilmoqda. Yangi Zelandiyada ham koronavirusdan o‘lim darajasi 1 mln aholiga 5 kishini tashkil qilmoqda, ammo 1,9 foiz aholigina emlangan.

Reytingning yetakchi o‘ntaligidan, shuningdek, Avstraliya, Isroil, Tayvan, Janubiy Koreya, Yaponiya, BAA, Finlandiya va Hongkong joy olgan.

Reytingda keltirilgan davlatlar ichida eng yomon vaziyat Polsha va Braziliyada kuzatilmoqda. Ushbu davlatlar mos ravishda reytingning oxirgi ikki pog‘onasini egallagan.

Top