18:35 / 28.04.2021
2559

Abdulaziz Komilov YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi delegatsiyasini qabul qildi

YeXHT vakillari ko‘targan asosiy masala O‘zbekistonda kutilayotgan prezident saylovi va demokratik islohotlar o‘tkazishga doir tavsiyalardir.

Bugun, 28 aprel kuni Tashqi ishlar vazirligida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Matteo Mekachchi boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston TIV rahbari Abdulaziz Komilov tomonidan qabul qilingan.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, YeXHT vakillari ko‘targan asosiy masala O‘zbekistonda kutilayotgan prezident saylovi va demokratik islohotlar o‘tkazishga doir tavsiyalardir.

Abdulaziz Komilov Matteo Mekachchini tashrif bilan qutlar ekan, O‘zbekiston diniy erkinliklar ta'minlash, bolalar mehnati va majburiy mehnatni yo‘qotish borasida oldinga siljishlar qilayotgani haqida gapirdi.

Matteo Mekachchi bu uning O‘zbekiston va Markaziy Osiyoga ilk tashrifi ekanligini ta'kidladi. Uning aytishicha, YeXHT va O‘zbekiston giyohvandlik va odam savdosi, terrorizmga qarshi kurash kabi ko‘plab sohalarda doimo hamkorlik qilib keladi. Uning bu galgi tashrifi ham muhim ahamiyatga ega hisoblanadi va tashkilot O‘zbekistondagi saylovlarga doir takliflarini rasmiylar bilan uchrashuvda bildirib boradi.

Matteo Mekachchi boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonda 1 mayga qadar bo‘ladi. YeXHT delegatsiyasi 30 aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilinishi kutilmoqda. Tashrif dasturidan yana Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi, Markaziy saylov komissiyasi, Oliy sud, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz va boshqa vazirlik hamda idoralarda uchrashuvlar o‘tkazilishi o‘rin olgan. 

Mavzuga oid
Top