09:36 / 28.04.2021
10907

AQSh kemalari Eron katerlari tomon ogohlantiruvchi o‘q uzgani ma'lum qilindi  

Foto: Reuters

26 aprelda AQSh harbiy kemalari Fors ko‘rfazida ularga 62 metr masofagacha yaqinlashgan Eronning uchta kateri tomon ogohlantiruvchi o‘q uzdi. Bu haqda ABC News telekanali xabar berdi.    

Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusining uchta tezyurar kateri Fors ko‘rfazining shimoliy qismida AQSh harbiy-dengiz kuchlarining USS Firebolt patrul kateri va AQSh sohilbo‘yi qo‘riqlash xizmatining Baranoff kateriga yaqin masofaga kelgan. AQSh kemalari ekipaji radio va boshqa qurilmalar orqali ogohlantirishiga qaramay, ular harakatini davom ettirgan. Firebolt ekipaji Eron katerlari tomon ogohlantiruvchi o‘q uzgan va shundan keyin ular nari ketgan.   

«Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi harbiy-dengiz floti xatti-harakatlari xatoga yo‘l qo‘yishimiz yoki to‘qnashish xavfini oshiradi va dengiz amaliyotlarini tartibga soluvchi xalqaro qoidalarga zid bo‘ldi. Ekipajlar sardorlari bunday holatlarda o‘zlarini mudofaa qilish huquqiga egalar», deb aytilgan AQSh harbiy-dengiz kuchlari bayonotida. 

Ta'kidlanishicha, AQSh sohilbo‘yi qo‘riqlash xizmatining kemalari Fors ko‘rfazida 2003 yildan beri harakat qiladi. 

Avvalroq The Wall Street Journal nashri 2 aprelda ham Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusining 3ta jangovar kateri va ta'minot kemasi Fors ko‘rfazining janubiy qismidagi xalqaro suv hududlarida AQShning patrullash olib borgan 2ta katerini 3 soat davomida kuzatib borganini ma'lum qilgan. O‘shanda ham AQSh kemalari ogohlantiruvchi o‘q uzishiga to‘g‘ri kelgan.  

Ushbu voqealar ortida AQSh Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi tomonidan dengizda keskinlikka yo‘l qo‘yilmasligini istashini ma'lum qildi. AQSh mudofaa vazirligi matbuot kotibi Jon Kirbining ta'kidlashicha, dengizdagi mojaroli vaziyatni aynan Islom inqilobi muhofizlari korpusi harbiy-dengiz kuchlari yuzaga keltirmoqda. Vaholanki, Eron davlat harbiy-dengiz kuchlari tomonidan bunday xatti-harakatlar kuzatilmayapti.  

«Biz bunday harakatlarni Eron davlat harbiy-dengiz kuchlari tomonidan ko‘rmayapmiz. Asosan bunga Islom inqilobi muhofizlari korpusi va ularning tezyurar katerlari yo‘l qo‘ymoqda. Bu xavotir uyg‘otishda davom etmoqda», deb aytgan Kirbi. 

Pentagon vakilining ta'kidlashicha, Eronda «ideal yaxlit qo‘mondonlik» yo‘q. Uning aytishicha, Islom inqilobi muhofizlari korpusi Eronning oliy yetakchisiga bo‘ysunadi va u «qo‘mondonlik zanjiridagi alohida kuchlar» hisoblanadi. 

Top