18:23 / 28.04.2021
4960

AQShda to‘liq emlangan fuqarolarga niqob taqmasdan yurishga ruxsat berildi

To‘liq emlangan amerikaliklarga odamlar ko‘p bo‘ladigan joylardan tashqari boshqa barcha yerda, ochiq havoda niqob taqmaslikka ruxsat berildi. AQSh prezidenti Jo Bayden mamlakat aholisini emlashni kechiktirmaslikka chaqirdi.

AQSh prezidenti Jo Bayden seshanba kuni COVID-19’ga qarshi to‘liq emlangan amerikaliklar niqobsiz ko‘chaga chiqishi mumkinligini e'lon qildi, deb xabar bermoqda The Guardian.

Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari (CDC) ham to‘liq emlangan fuqarolar kichik guruhlar tarkibida, velosipedda sayr qilish vaqtida, ijtimoiy muloqot paytida yoki ochiq havoda ovqatlanish chog‘ida niqobsiz yurishi mumkin ekaniga doir ko‘rsatmalarni yangiladi. Biroq, ommaviy konsertlarga, sport musobaqalariga, shuningdek sartaroshxonalarga, kinoteatrlarga, muzeylarga, savdo markazlariga tashrif buyurganlarida ular baribir niqobda bo‘lishlari kerak. 

Jo Baydenning so‘zlariga ko‘ra, AQShda 215 million emlash jarayoni amalga oshirildi hamda COVID-19 bilan kasallanish va o‘lim holatlari soni «keskin kamaygan». Mamlakatda keksa yoshdagi insonlarning uchdan ikki qismi to‘liq emlandi, ushbu guruhdagi o‘lim darajasi 80 foizga, kasalxonaga yotqizish esa 70 foizga qisqardi. Oq uy rahbari bu emlashning yana bir yaxshi sababi ekanligini ta'kidlab, fuqarolardan tezroq emlanishni so‘radi. 

Jons Xopkins universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, pandemiya boshlanganidan beri Qo‘shma Shtatlarda koronavirus infeksiyasi yuqtirib olish bilan bog‘liq 32,1 milliondan ortiq holat aniqlangan, 573 ming kishi vafot etgan. Mamlakat ikkala ko‘rsatkich bo‘yicha ham dunyoda birinchi o‘rinda turibdi.

Top