23:59 / 28.04.2021
6953

Dunyodagi eng qimmat pochta markasi uchun 15 million dollar olish mo‘ljallanmoqda

Dunyodagi eng noyob va eng mashhur pochta markasi – «Britan Gvianasi» Londondagi kimoshdi savdosida sotuvga qo‘yiladi. Sotheby’s auksion uyi marka 10 mlndan 15 mln dollargacha sotilishiga umid qilmoqda. Bu summa uning dastlabki narxidan taxminan milliard marta ko‘proqni tashkil qiladi.

Foto: Neil Hall/EPA

The Guardian nashrining xabar berishicha, ushbu marka dunyodagi eng mashhur va eng qimmat marka hisoblanadi. Mutaxassislarning ta'kidlashicha, marka nafaqat noyobligi, balki unga o‘z vaqtida ko‘plab odamlar egalik qilgani sababli qadrlanadi.

 Marka 1856 yilda Britan Gvianasida (hozirda Gayana) odatda Angliyadan import qilingan markalar tanqisligi vujudga kelgandan keyin cheklangan nusxada bosilgan.

 «Britan Gvianasi» kabi bir sentlik markalar ko‘pincha gazetalarni yetkazishda qo‘llangan. Shu sababli ularning aksariyati tashlab yuborilgan. 

 Markani 1873 yilda 12 yoshli shotlandiyalik filatelist amakisining qog‘ozlari orasidan topib olgan va u qimmatbaho bo‘lishi mumkin degan qarorga kelgan. Bola uni bor-yo‘g‘i 6 shillingga sotib yuborgan.

Shundan keyin marka ko‘p marta o‘z egalarini o‘zgartirgan va uning narxi tobora oshib borgan. 1980 yilda marka amerikalik havaskor sportchi Jon Dyuponga rekord narxga – 935 ming dollarga sotilgan.

 Markaning oxirgi egasi dizayner Styuart Vaytsman hisoblanadi. E'tiborlisi, markaning barcha egalari uning orqa tomonida o‘z «dastxatlari»ni qoldirishgan. Vaytsman unda baland poshnali tuflini va o‘z initsiallarini qoldirgan.

Mavzuga oid
Top