18:54 / 28.04.2021
19644

Kommunal soha yangi tizimga o‘tmoqda. Ko‘p qavatli uyda yashovchilarni nimalar kutyapti?

O‘zbekistonda uy-joy kommunal boshqarish sohasida yangi tizim yaratiladi: ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatish boshqaruv kompaniyalari tasarrufiga o‘tkaziladi. Ularning xarajatlari tiyin-tiyinigacha shaffof bo‘lishi ma'lum qilindi.

Bundan buyon yangi ko‘p qavatli uylar 2 yil davomida quruvchining tasarrufida qoladi. Bu esa quruvchida mas'uliyat hissini oshiradi. Bu haqda Uy-joy kommunal xizmat vazirligi matbuot xizmati Kun.uz'ga ma'lum qildi.

Ta'kidlanishicha, boshqaruv kompaniyasi tomonidan har bir uyga alohida hisobraqam ochiladi. Hisobga pul tushgandan keyin ushbu mablag‘ faqat shu ko‘p qavatli uy-joy uchun sarflanadi.

Bundan tashqari, boshqaruv kompaniyasi turli servis xizmatlarini ham taqdim etadi. Kompaniya tomonidan ma'lum hudud tanlab olinadi, ana shu hududda mavjud uy, bog‘cha, maktab yoki biror bir korxona uchun individual xizmat ko‘rsatiladi. Barcha muassasalar uchun shartnoma alohida tuziladi.

Ana shu hududdagi barcha kommunikatsiya tarmoqlari kompaniya tizimida bo‘ladi va kommunikatsiya tarmoqlari tashkilotlari ham buning ichidagi amortizatsiya xarajatlarini qoplab beradi.

Yangi tizimda joriy qilinadigan yana bir muhim jihat, hisob-kitoblarning shaffofligini ta'minlash bilan bog‘liq. Buning uchun boshqaruv kompaniyalarining elektron reyting resteri yuritiladi.

Yangi elektron raqamli dastur asosida xarajatlar bo‘yicha ma'lumot berish maqsadida SMS-xabarnoma tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Smartfon yoki planshetdagi maxsus dastur orqali aholi o‘zining xarajatlar smetasi bilan tanishish imkoniyati yaratiladi.

«Har bir fuqaro boshqaruv kompaniyasiga to‘layotgan puli qayerga ketayotganini tiyin-tiyinigacha ko‘rib turadi», – dedi vazir Sherzod Hidoyatov 28 aprel kuni jurnalistlarga bergan intervyusida.

Hidoyatovning aytishicha, respublika miqyosida bu tizimga o‘tish uchun viloyatlardan bittadan hudud tanlab olingan. 2021 yil yakuniga qadar Toshkent shahri va viloyatlar shu tizimga o‘tkaziladi.

«Prezidentimiz kommunal tizimi og‘ir holatdagi ko‘p qavatli uylarda holatni yaxshilash maqsadida mablag‘ ajratilishini aytdi. Bu borada ish boshladik: butun respublikaga xabarnoma chiqardik. Olingan ma'lumotlarni o‘rganib chiqib, ketadigan mablag‘ni aniqlab, taqdim qilamiz.

Butun dunyoda kommunal soha – oxiriga yetmagan, o‘rganish talab qiladigan soha. Bevosita davlat rahbarining bu tizimga e'tibor qaratishi bizga katta kuch berdi», – dedi vazir.

Ma'lum qilinishicha, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi respublikadagi ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatuvchi shirkatlar faoliyatini turkiyalik konsultantlarni jalb qilgan holda o‘rganib chiqqan.

O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, 4 430 ta shirkatdan 1 351 tasining moliyaviy holati yaxshi,  1 903 tasiniki o‘rta va 1 176 tasiniki og‘ir holatda ekani aniqlangan.

Amaldagi tizimda, shuningdek, kommunal boshqaruv sohasida hisob-kitoblar shaffof emas, shirkatlar aholiga ularning puli qayerga ishlatilayotganini doim ham ko‘rsatib bera olmaydi. Masalan, Yunusobodda 733 mln so‘mni 10 ta shirkat talon-taroj qilib yuborgan. 97 ta uyda esa o‘tgan yili 2,7 mlrd so‘m (45 foiz) boqimanda qarzdorlik vujudga kelgan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, 25 yilda 2885 ta uy qurilgan bo‘lsa, so‘nggi 3 yilda 3850 ta uy qurilgan. Bu esa ularni boshqarishda yangi tizim yaratish zarurligini ko‘rsatadi.

Mavzuga oid
Top