08:42 / 28.04.2021
1201

Namanganda aliment to‘lovidan qarzdorligi bo‘lgan 17 mingdan ziyod shaxsning mamlakat hududidan chetga chiqishi vaqtincha cheklandi

Foto: KUN.UZ

Bosh prokuratura huzuridagi MIBNamangan viloyati boshqarmasida “Aliment undirilishi bo‘yicha 2021 yil 1-choragida amalga oshirilgan ishlar”ga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Qayd etilishicha, shu yilning 1 apreliga qadar aliment undirish bilan bog‘liq jami 25 481 ta ijro hujjatlari bo‘yicha mahalla vakillari bilan hamkorlik o‘rnatilib, aliment to‘lovlarini undirish va oilalarni yarashtirish choralari ko‘rib borilgan. Jumladan, 2021 yil 1 apreliga qadar 449 ta oila yarashtirilgan. 537 nafar ish bilan band bo‘lmagan aliment to‘lovchilarning bandligini ta'minlashga ko‘maklashildi. Shu yilning yanvar-mart oylarida jami 7 mlrd. 250 mln so‘m aliment undirilib, undiruvchilarga pochta va tilxat orqali yetkazilgan.

Byuroning  Pop tuman bo‘limi ish yurituvida Chust tumanlararo sudining buyrug‘iga asosan N. Sh.dan M. N. foydasiga bir nafar farzandining moddiy ta'minoti uchun aliment undirish belgilangan. Fuqaroga alimentni o‘z vaqtida to‘lab borishi tushuntirilgan. Biroq u bunga mas'uliyatsizlik bilan qarab, qarzdorlikni bartaraf etmaydi. Natijada, bo‘lim davlat ijrochisi tomonidan to‘plangan hujjatlar sudga yuboriladi. Bo‘lib o‘tgan sud jarayonida qarzdor otaga yana bir imkoniyat beriladi. U bundan to‘g‘ri xulosa qildi va bir yo‘la farzandi voyaga yetgunga qadar hisoblangan salkam 66 mln so‘m o‘rniga 6300 AQSh dollarini to‘lab bergan.

Aliment to‘lovidan qarzdorligi bo‘lgan 17364 nafar shaxsning mamlakat hududidan chetga chiqishi vaqtincha cheklandi.

2021 yil 1 aprelga qadar 285 nafar aliment to‘lashdan bo‘yin tovlagan shaxsga nisbatan sud qarorlari bilan ma'muriy qamoq tarzidagi jazo chorasi qo‘llanilgan. Bu choradan keyin ham 2 oydan ortiq muddat mobaynida aliment to‘lamagani uchun 2 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Top