10:01 / 28.04.2021
5488

Samarqandda aholi bandligini ta'minlash uchun ajratilgan subsidiyani o‘zlashtirgan mas'ullarga jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Foto: KUN.UZ

Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida aholi bandligini ta'minlash uchun ajratilgan subsidiya mablag‘larini talon-toroj qilgan shaxslar aniqlangan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Oqdaryo tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markazi mas'ul shaxslari aholi bandligini ta'minlash uchun ajratilgan subsidiya mablag‘larini o‘zlashtirgani aniqlangan.

Jumladan, ular «O.I.» MChJ va «S.O.» ishlab chiqarish kooperativi rahbarlari bilan oldindan til biriktirib, kam ta'minlangan oilalar bandligini ta'minlash uchun ajratilgan 309,7 million so‘m subsidiya mablag‘larini talon-toroj qilgan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Top