10:02 / 28.04.2021
14083

O‘zbekiston turizm va sport vaziriga yangi o‘rinbosar tayinlandi

O‘tkir Saidov turizm va sport vazirining ziyorat turizmi bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda turizm va sport vazirining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Lola Rahmonboyeva xabar berdi.

O‘tkir Saidov 1988 yilda Samarqand viloyatining Jomboy tumanida tug‘ilgan. 2011 yilda Samarqand davlat chet tillar institutining filologiya fakultetini, 2015 yilda prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan. 

U 2017 yildan buyon Turizm qo‘mitasida turli lavozimlarda ishlagan. 2019 yildan 2020 yilgacha Jamoat tashkilotlari va xorijdagi diasporalar bilan ishlash boshqarmasi rahbari bo‘lgan.

O‘tkir Saidov shu kunga qadar vazirning ma'naviy-ma'rifiy masalalar va davlat tili bo‘yicha maslahatchisi edi.

Joriy yilning aprel oyi boshida prezident farmoni bilan Aziz Abduhakimov bosh vazir o‘rinbosari - turizm va sport vaziri lavozimiga tasdiqlandi.

Shuningdek, prezidentning tegishli qarori bilan Ulug‘bek A'zamov turizm va sport vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga, Abdulaziz Oqqulov turizm va sport vazirining o‘rinbosari lavozimiga, Avaz Karimov turizm va sport vazirining o‘rinbosari lavozimiga, Zarif Qozoqov turizm va sport vazirining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Top