18:07 / 29.04.2021
1436

Chet el valutasining noqonuniy muomalasi bilan shug‘ullangan shaxslar 3 yilga ozodlikdan mahrum etildi

2020 yilning 1 oktabr kuni DXX Namangan viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Yangiqo‘rg‘on tumanining “Qizilyozi” mahallasi hududidan o‘tuvchi “o‘zbek-qirg‘iz” davlat chegarasi yaqinida joylashgan nazorat o‘tkazish maskanida, mahalliy fuqaro A.Yu. boshqaruvidagi “Damas” rusumli avtotransport vositasi to‘xtatiladi. Tekshiruv jarayonida avtomashinaning uzatmalar qutisi g‘ilofi orasiga yashirib qo‘yilgan 938 ming 400 rossiya rubli va 486 ming qirg‘iz somi borligi aniqlangan.

Holat yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida olib borilgan tergov harakatlari davomida ma'lum bo‘lishicha, 2020 yilning sentabr oyi oxirlarida qirg‘izistonlik “Kanibek” ismli shaxs Kosonsoy tumani bozorida mahalliy fuqaro, muqaddam sudlangan O.R. bilan ko‘rishib, unga yuqorida ko‘rsatilgan rossiya rubli va qirg‘iz somini bergan hamda vaqtincha saqlab turishini iltimos qilgan.

2020 yilning 1 oktabr kuni “Kanibek” O.R. bilan bog‘lanib, pullarni Qirg‘izistonga o‘tkazib berishi kerak bo‘lgan Yangiqo‘rg‘on tumanida istiqomat qiluvchi A.Yu.dan berib yuborishini so‘ragan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chortoq tuman sudining hukmiga ko‘ra, O.R. va A.Yu.lar Jinoyat Kodeksining tegishli moddasi bilan aybdor deb topilib, ularning har biriga 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Ashyoviy dalil sifatida olingan 938 ming 400 rossiya rubli va 486 ming qirg‘iz somi davlat foydasiga musodara qilingan.

Top