14:53 / 29.04.2021
5830

O‘zbekiston 9ta «norentabel» deb topilgan reys o‘rniga charter reys qo‘yishi mumkin

“Uzbekistan Airways” AJ “norentabel” deb topilib, may oyidan to‘xtatiladigan xorijiy 9ta reys o‘rniga kelishilgan holda charter reyslar yo‘lga qo‘yishi mumkinligi ma'lum qilindi. Buning uchun u yerda vakolatxona bo‘lishi va muntazam reyslar qo‘yilishi shart emas.

Transport vaziri, “Uzbekistan Airways” AJ boshqaruv raisi Ilhom Mahkamov xorijdagi samarasiz 20ta vakolatxona va “norentabel” deb topilgan 9ta reysning may oyidan yopilishi natijasida yuzaga kelayotgan muammoga to‘xtaldi.

Ko‘p muhokama bo‘lyapti. Turizmni rivojlantirmoqchi edik. Bu joylarni yopsak, turizmga qanday salbiy ta'sir ko‘rsatadi? Bu yo‘nalishlar yopilgandan keyin biz turistik agentlar va korxonalar bilan charter parvozlarni amalga oshirishimiz mumkin. O‘zimizning samolyotlarimiz bilan birga ularning o‘zlari kafolatlagan iste'molchilari bo‘lsa, biz ularga charter parvozlarni amalga oshirishimiz mumkin. Buning uchun u yerda vakolatxonamiz bo‘lishi, muntazam reyslarni amalga oshirishimiz ham shart emas”, - dedi transport vaziri.

Shuningdek, Ilhom Mahkamov xorijdagi samarasiz 20ta vakolatxonaning yopilish sababi haqida ma'lumot berdi.

Vazirga ko‘ra, chet eldagi vakolatxonalarning xarajatlari o‘zini oqlamagan. U yerdagi ofisga va ishlayotgan xodimlarning oilasiga sarflanadigan xarajatdan tashqari, amalga oshirilayotgan parvozning bittasi naqd qilib beriladi. Samolyotning uchib-qo‘nishi, aviakerosin xarajati amalga oshirilayotgan parvozlarni oqlamasa, ular “norentabel” bo‘ladi.

Norentabelligidan tashqari, uning salbiy moliyaviy natijadorligi ham hisobga olinadi. Aytyapman-ku, yillar mobaynida uchib borilgan yo‘nalishlar 3-4 yil uchib turib, endi odamlar o‘rganib qoladi, rivojlanib ketadi, desak ham noto‘g‘ri bo‘ladi. Bir tomondan bu vakolatxonalarning xarajatlari, ikkinchi tomondan parvozlarni amalga oshirish xarajatlari ertaga aviakompaniya salbiy moliyaviy natijadorligiga olib keladi”, - dedi Ilhom Mahkamov.

Avvalroq, Uzbekistan Airways transformatsiya qilinib, xizmatning gibrid modeliga o‘tkazilgani va xarajatlarni kamaytirish uchun shtatlar qisqartirilib, xorijdagi samarasiz 20ta vakolatxona yopilgani haqida xabar qilingandi.

Top