20:32 / 29.04.2021
31902

Qirg‘iziston va Tojikiston o‘t ochishni to‘xtatishga kelishdi

Qirg‘iziston va Tojikiston harbiy to‘qnashuvni to‘xtatishga kelishib oldi. Harbiy texnikalar ilgarigi joyiga qaytariladi.

Foto: J.D. Pooley/Getty Images

28-29 aprel kunlarida qirg‘iz-tojik chegarasida ro‘y bergan hodisalar munosabati bilan Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Ruslan Kazakbayev hamda Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin hamda boshqa vakillar ishtirokida muzokara o‘tkazildi.

Qirg‘iziston TIV ma'lumotiga ko‘ra, tomonlar mahalliy vaqt bilan soat 20:00dan (Toshkent vaqti bilan soat 21:00) o‘t ochishni to‘xtatish va harbiy kuchlarni avvalgi joylariga qaytarish bo‘yicha kelishuvga erishgan.

Qirg‘iziston TIV matbuot xizmati tomonlar chegara hududidagi vaziyatni hal qilish bo‘yicha kelgusida birgalikda amalga oshiriladigan sa'y-harakatlarni muhokama qilishganini qayd etgan. Bishkekdagilar qirg‘iz tomoni «begona hududga da'vo qilmasligi va o‘z yerini hech kim bilan bo‘lishmasligi»ni bildirgan.

«Tomonlar yaqin soatlar ichida huquq-tartibot organlari va kuchishlatar tuzilmalar rahbarlari, shuningdek, mahalliy boshqaruv organlari vakillari ishtirokida alohida uchrashuv o‘tkazishga ham kelishib olishgan. Unda vaziyatni barqarorlashtirish uchun kelgusi choralar muhokama qilinadi. Shuningdek, chegara xizmatlarining hududiy bo‘linmalari ishtirokida chegara hududlarida navbatchilik qilish va vaziyatni kuzatish borasida kelishuvga erishilgan», deyilgan xabarda.

  • So‘nggi hafta davomida Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasida tanglik yuzaga keldi. 28 aprel kuni vaziyat keskinlasha boshladi. 29 aprel kuni esa Botken viloyatining bir necha qishloqlarida favqulodda holat joriy etilib, mahalliy aholi evakuatsiya qilinishi boshlandi. Kunning ikkinchi yarmida ikki tomon harbiylari o‘rtasida otishmalar boshlandi. Ikki tomon bir-birini vaziyatni keskinlashtirishda aybladi.
  • Qirg‘iziston sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, shu vaqtgacha kamida 31 kishi jarohatlangan, 2 kishi halok bo‘lgan. Botken viloyati ma'muriyati ma'lumotiga ko‘ra, chegara yaqinidagi qishloqlardan mingga yaqin kishi xavfsiz joyga ko‘chirilgan.
  • Tojikiston tomonida ham 32 kishi jarohatlangani va 3 kishi o‘limi tasdiqlangan. Jarohatlanganlar orasida Isfara shahri meri Bahoviddin Bahodurzoda ham bor.
Mavzu
Qirg‘iz-tojik chegarasidagi mojaro
Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasida otishma ro‘y berdi. Tomonlar nizoda yana bir-birlarini ayblashmoqda.
Barchasi
Top