13:46 / 29.04.2021
20288

SSV: Buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti ilk marta viloyat tibbiyot muassasasida muvaffaqiyatli amalga oshirildi

Akademik V. Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining malakali mutaxassislari namanganlik shifokorlar bilan birgalikda viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida noyob jarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli o‘tkazishdi. Viloyatda shu haftaning o‘zida 4ta ana shunday murakkab operatsiyalar o‘tkazilishi belgilangan.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Bunga qadar buyrak transplantatsiyasi operatsiyasi O‘zbekistonda faqatgina Toshkent shahrida Respublika shoishilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va V. Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida amalga oshirilar edi.

SSV matbuot xizmati xabar berishicha, Namangan viloyatidagi dastlabki operatsiya qariyb uch soat davom etgan. Chortoq tumanining Chorsu mahallasida yashovchi 21 yoshli Dilnoza Ahmadjonovaga onasi Yoqutxon Mutaliyeva bir buyragini bergan. Hozirda ularning ahvoli yaxshi va bemorlar tibbiy standartlar asosida nazoratga olingan.

«Buyragim xastaligi uchun yetti oylik farzandimdan ayrildim. Yashashga bo‘lgan umidim tobora so‘nib borayotgandi. Yaxshiyam yurtimizda shunday malakali va o‘z ishiga mohir shifokorlarimiz bor ekan, yaxshiyam mehribon onajonim bor ekan, bugun dardimga davo topishdan umidvorman», deydi D.Ahmadjonova operatsiyadan oldingi qisqa suhbatda.

Operatsiya stoliga yotqiziladigan yana bir bemor poplik 30 yoshli temiryo‘l ishchisi Muhriddin Mahkamovdir. Qo‘qondagi temiryo‘lchilar poliklinikasiga murojaat qilganida unda buyrak shamollashi aniqlangan, ahvoli og‘irlashib borib, Namangan viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining nefrologiya bo‘limiga murojaat qilishga majbur bo‘lgan.

«Bunday og‘ir holatga qachongacha chidash mumkinligini o‘ylab, tushkunlikka tushib qolgandim. Shunday kunlarning birida poytaxtlik jarrohlardan buyrak ko‘chirib o‘tkazish operatsiyasi haqidagi xushxabarni eshitdim. Akam Murodjon Mahkamov bir buyragini berishga rozi bo‘lganida jigarimning mehridan ko‘zim yoshlandi», deydi M. Mahkamov.

Keyingi bemor Javohir Ergashev ham jarrohlik amaliyotiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Yangiqo‘rg‘onning G‘ovazon qishlog‘ida yashovchi 24 yoshli bemor bir yarim yildan beri gemodializ apparatiga «bog‘lanib» yashayotgan edi.

«Haftasiga 3 marta qonimni tozalatishga majbur edim. Ikki kunda takrorlanadigan bunday muolaja odamni ezib yuboradi. Yaxshiyam davlat tomonidan bepul, beminnat xizmat ko‘rsatiladi. Nihoyat, qurigan buyragim o‘rniga sog‘lomini ko‘chirish mavridi kelib qoldi. Kim bunday in'omni menga loyiq ko‘rganini aytsam, naqadar baxtli insonligimni anglab yetsangiz kerak», deydi J. Ergashev.

Unga umr yo‘ldoshi Naima Qayumova bir buyragini berishga qaror qilgan. Jarrohlik amaliyotidan keyin yosh oila ikki yoshli farzandi Xushnudbek bilan shirin turmushini davom ettirishni niyat qilishgan.

«2017 yil 23 oktyabrda qabul qilingan «Buyrak va jigar to‘qimalarini transplantatsiya qilish haqida»gi vaqtinchalik nizomga muvofiq tibbiy amaliyotning muvaffaqiyatli ijrosi hozirgacha faqat poytaxt Toshkentda izchil ta'minlab kelinayotgan edi. Endi esa Namanganda ham bu jarayon dadil boshlab yuborildi. Bir yo‘la uchta buyrak transplantatsiyasi amaliyoti o‘tkzildi.

Bundan to‘rt-besh yil muqaddam buyrak transplantatsiyasini mamlakatimizda o‘tkazish uchun sharoitlar yo‘q edi. Buyrak yetishmovchiligidan ozor chekayotgan bemorlar katta mablag‘lar evaziga xorijda davolanib kelishga majbur edilar. Bugun Namanganda olamshumul tibbiy amaliyot hech shov-shuvlarsiz g‘oyat muvaffaqiyatli bajarilyapti», deyiladi SSV xabarida.

 

Top