17:54 / 30.04.2021
9487

Yunusobod metrosi qurilishida vafot etgan fuqaro yaqinlariga to‘lanishi kerak bo‘lgan kompensatsiya mojarosi apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqilmoqda

2019 yil 18 dekabr kuni Toshkent metropoliteni Yunusobod yo‘li qurilishida avariya ro‘y bergan, 6 nafar ishchi tuproq ostida qolib halok bo‘lgandi. Odamlar o‘limiga olib kelgan hodisa aybdorlariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi 2020 yil 18 mart kuni, ayblilik masalasini hal qilmasdan turib tugatilgan.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining 2020 yilning 24 yanvardagi buyrug‘iga asosan tuzilgan komissiya ularning har biri uchun zarar to‘lovini olish huquqiga ega bo‘lgan qaramog‘idagi shaxslarga 261,9 mln so‘mdan (marhum Z.Karimovga 281 mln so‘m tayinlangan) biryo‘la to‘lanadigan nafaqa belgilagan.

Ammo, bir qancha vaqtdan so‘ng marhumlarning oila a'zolariga maxsus komissiya tayinlagan nafaqa pullarini yetarlicha to‘lab berilmaganligiga doir masala ko‘tarildi.

Baxsiz hodisa tufayli halok bo‘lgan Anvar Diyorovning yaqinlari biryo‘la va oyma-oy to‘lanadigan nafaqalar o‘z vaqtida to‘lab berilmagan degan vaj bilan «SBK Universal Construction Group» MChJga nisbatan fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudiga da'vo arizasi kiritgan.

Boquvchisini yo‘qotgan da'vogar Lobar Rahmonova (marhum A.Diyorovning bevasi) sudda oilaning farzandlari uchun tayinlangan har oylik kompensatsiya va bir martalik nafaqa umuman to‘lanmaganini ma'lum qilgan. Bundan tashqari, Lobar Rahmonova turmush o‘rtog‘ining vafoti tufayli yetkazilgan ma'naviy zarar uchun to‘lov undirishni ham so‘ragan.

Uning da'vo talablari qanoatlantirilgan va sudning 2020 yil 7 noyabrdagi hal qiluv qaroriga ko‘ra javobgar «SBK Universal Construction Group» MChJdan da'vogar Lobar Rahmonovaning 3 nafar farzandlarining har biriga 16 yoshga to‘lgunga qadar har oyda 727 ming so‘mdan kompensatsiya, 100 mln so‘m bir martalik kompensatsiya va yetkazilgan ma'naviy zarar uchun 300 mln so‘m undirish belgilangan edi.

Bugun, 30 aprel kuni Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida ushbu masalani apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqish boshlandi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, ochiq o‘tgan sud majlisida «SBK Universal Construction Group» MChJning advokati OAVlarining video, foto va ovoz yozib olishlariga rozi bo‘lmagan. Shu bois OAV vositalari vakillariga sudda audio va video yozuvlarni olishga ruxsat berilmagan.

Sudda kompaniya advokati Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudining jabrlanuvchining yaqinlariga 100 mln so‘m bir martalik kompensatsiya va yetkazilgan ma'naviy zarar uchun 300 mln so‘m kompensatsiya undirish to‘g‘risidagi qarorini bekor qilishini so‘radi. Lekin, «SBK Universal Construction Group» MChJ Lobar Rahmonovaning 3 nafar farzandlarining har biriga 16 yoshga to‘lgunga qadar har oyda 727 ming so‘mdan beriladigan kompensatsiyasi to‘lab borilishini, to‘lovning bu qismiga nisbatan e'tirozi yo‘qligini bildirdi  

Da'vogar Lobar Rahmonovaning advokati esa quyi sudning qarorini o‘z kuchida qoldirishni so‘radi. Tomonlarning vajlari to‘liq eshitilgach sud 2021 yil 5 mayga qadar tanaffus e'lon qildi.

Mavzu
Yunusoboddagi fojia
18 dekabr kuni Toshkent metropoliteni Yunusobod yo‘lining yangi qurilayotgan qismida yer o‘pirilishi ro‘y berib, 6 nafar ishchini tuproq bosib qoldi.
Barchasi
Top