10:08 / 01.05.2021
12099

Bo‘stonliqda 10 gektar yerni qariyb 2 mln dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxslar qo‘lga olindi

Ular aytilgan pulning 50 ming AQSh dollarini olayotgan vaqtida IIV xodimlari tomonidan ushlangan.

Joriy yilning 19 aprel kuni fuqaro S.X. va X.S. Ichki ishlar vazirligiga ariza bilan murojaat qildi, deb xabar bermoqda Toshkent viloyati IIBB.

Qayd etilishicha, fuqarolar o‘z arizasida «Muhammadjon» ismli shaxs Bo‘stonliq tumani Navobod mahallasi hududida joylashgan, «Al-Inobat» MChJga tegishli, oromgoh va baliqchilik ko‘li tashkil qilish uchun tuman hokimining 2017 yil 25 oktyabrdagi 620-son qaroriga ko‘ra investitsiya kiritish sharti bilan ajratilgan 10 gektar yer maydonini 1 mln 900 ming AQSh dollariga hokimlik orqali hujjatlashtirib berish sharti bilan sotmoqchi ekanini, hozirda esa aytilgan pulning 50 ming AQSh dollari berishini talab qilayotganini ma'lum qilgan va unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Mazkur arizaga asosan, 2021 yil 23 aprel kuni IIV JQBB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari hamda Bosh prokuratura huzuridagi IJQK departamenti Toshkent viloyati boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, P.P., N.M., S.V., T.A., Sh.K. hamda D.A. Toshkent shahar Chilonzor tumani, 4-mavze, 65-uy oldidagi avtoturargohda ariza mualliflari S.X. va X.S.dan 50 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Bosh prokuratura huzuridagi IJQK departamenti Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bundan oldin, DXX yer sotish bilan bog‘liq firibgarlik holatlariga chek qo‘ygandi.

Top