13:17 / 01.05.2021
35881

Vazir va amaldorlar xizmat mashinalari narxining eng yuqori miqdori e'lon qilindi

Foto: KUN.UZ

2021 yil 29 aprelda “Davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarida xizmat avtotransportlaridan foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabariga ko‘ra, davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarida xizmat avtotransport vositalarini biriktirish me'yorlari tasdiqlandi. 

Jumladan:

  • vazirlar, davlat qo‘mitalari rahbarlari, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga biriktiriladigan xizmat avtotransportining eng yuqori narxi — bazaviy hisoblash miqdorining 2000 baravari (490 mln so‘m)dan;
  • ularning o‘rinbosarlari xizmat avtotransportining eng yuqori narxi — bazaviy hisoblash miqdorining 1500 baravari (367 mln 500 ming so‘m)dan;
  • tuman va shahar hokimlari xizmat avtotransportining eng yuqori narxi — bazaviy hisoblash miqdorining 1000 baravari (245 mln so‘m)dan;
  • davlat boshqaruvi organlarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar bo‘linmalari rahbarlari, shuningdek, tuman, shahar hokimi o‘rinbosarlari xizmat avtotransporti narxi — bazaviy hisoblash miqdorining 700 baravari (171 mln 500 ming so‘m)dan oshmasligi belgilandi.

Qarorga ko‘ra, davlat tashkilotlarida foydalanishda mavjud bo‘lgan xizmat avtotransportlari ikki oy ichida xatlovdan o‘tkaziladi va belgilangan me'yorlar bo‘yicha limitdan ortiqcha bo‘lgan xizmat avtotransportlari ro‘yxati shakllantiriladi. 

Shakllantirilgan ro‘yxat asosida ortiqcha xizmat avtotransport vositalari 2021 yil 1 avgustga qadar elektron auksion savdolariga qo‘yiladi.

Bundan tashqari, davlat organlari xodimlarining shaxsiy avtomobillaridan xizmat maqsadlarida foydalanganliklari uchun kompensatsiya to‘lash tartibini nazarda tutuvchi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi (uch oy muddatda) ishlab chiqiladi.

Avvalroq, davlat amaldorlarining xizmat mashinalariga yangi turdagi avtoraqamlar berilishi xabar qilingandi. 

Top