22:18 / 04.05.2021
9525

Maktablarimizning 3 mingdan ortig‘i ta'mirtalab - Sherzod Shermatov

O‘zbekiston maktablarida o‘rinlar soni o‘quvchilar sonidan 1 milliontaga kam. 2025 yilgacha bu farq 2 millionga chiqishi mumkin. Maktablarning 70 foizida o‘qish 2 smenada tashkil etilgan.

Maktablar ta'miri uchun 37 trillion so‘mga yaqin mablag‘ zarur. XTV investitsiya dasturining yillik qiymati esa yiliga 2 trln so‘m atrofida.

Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov 4 may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi hukumat soatida shu haqda so‘z yuritdi.

«Nega 70 foiz maktablar ikki smenada ishlaydi, degan savol ko‘p beriladi. Albatta, buning sabablari bir nechta.

Birinchidan, cobiq ittifoq mamlakatlari aholisining o‘sish dinamikasini solishtirsak, eng ko‘p aholi o‘sishi O‘zbekistonga to‘g‘ri keladi. Tabiiyki, aholi soni o‘sishi maktablar ko‘payishiga olib kelishi kerak.

Masalan, Rossiya yo Ukrainada so‘nggi 30 yilda aholi soni kamaygan, bu mamlakatlarda SSSR davrida qurilgan infratuzilma ham yetarli bo‘lishi mumkin.

Ikkinchidan, 9 yillik ta'limga o‘tilganda asosiy e'tibor litsey-kollejlarga qaratilgan edi. 2010-2017 yillarda 1,5 mingdan ortiq litsey-kollej qurilgan. Maktablarga yetarlicha e'tibor berilmadi.

11 yillik ta'limga qaytilgach, 400ga yaqin litsey-kollej maktabga aylantirildi. Hammasiyam qaytarilmasligiga sabab – ba'zilari maktab uchun qulay joyda joylashmagan, qolaversa, ayrimlarida kasb-hunar maktablari tashkil etildi.

Qolaversa, 10 yil davomida juda ko‘p maktab binolari boshqa idoralarga foydalanishga berib yuborilgan.

1991 yilda o‘quvchilar soni maktablar quvvatiga nisbatan kam bo‘lgan. Hozirgi kunda esa o‘quvchilar soni maktablar quvvatiga nisbatan 1 millionga ko‘p. Shu sababli ham maktablarning aksariyati ikki smenada ishlaydi. Hammasini bir smenali qilish uchun juda katta resurs talab qilinadi.

Bu hozirgi bo‘layotgan muhokama o‘z vaqtida bo‘lyapti, negaki kelgusi yillarga prognozlarimizga ko‘ra, oradagi farq kattalashib boraveradi. O‘quvchi o‘rni va o‘quvchi soni o‘rtasidagi farq 2025 yilga kelib 2 millionga chiqishi mumkin. Bu degani maktablar sig‘imi borasida qiyin ahvolga tushib qolishimiz mumkin.

Shu bilan birga, 2018-2020 yillarda investitsiya dasturlari bois o‘zgarishlar bo‘ldi. Bu davrda maktablar uchun ajratilgan mablag‘larni 2016 yilgacha bo‘lgan davr bilan solishtirsak, istalgan hududda 3-4 baravar oshganini ko‘ramiz. Chunki investitsiyadan tashqari, «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari doirasida, shuningdek hokimliklar tomonidan mahalliy budjetdan, homiylar tomonidan o‘zi o‘qigan maktablar ta'mirlandi.

2021 yilda 712ta maktabda, shundan 351tasi investitsiya, 361tasi «Obod qishloq», «Obod mahalla» dasturi doirasida ta'mirlash olib boriladi. Bundan tashqari, prezidentimizning hududlardagi tashriflari paytida yana 132ta maktab investitsiya dasturiga kiritildi.

Ammo baribir, aholining o‘sishi va yillar davomida yig‘ilgan muammolar hisobiga 3 mingdan oshiq ta'mirtalab maktab bor. Agar ularning yoniga sport zali, oshxonasi, maktab atrofini o‘rash va boshqalarni qo‘shsak, bu muammolarni hal qilish uchun taxminan 36,7 trln so‘m mablag‘ talab etiladi. Lekin bizning investitsiya dasturimizda bir yilda 2 trln atrofida mablag‘ bo‘ladi.

Shuning uchun ham hurmatli deputatlarimiz so‘rov yuborganda, biz: «Mablag‘ yetishmaydi, budjetni tasdiqlash jarayonida bizga yordam beringlar», deganimiz muammo uchun mas'uliyatni zimmamizdan soqit qilish emas. Muammo haqiqatan ham yig‘ilib qolgan, maqsad – shu muammoni birgalikda hal qilish», – ta'kidladi xalq ta'limi vaziri.

Sherzod Shermatov yangi maktablar bo‘yicha statistikani ham keltirib o‘tdi.

«Bizdagi ma'lumotlarga ko‘ra, 2018-2020 yillarda 223 ta hududda 57 mingdan ortiq xonadon qurilgan. Shu davrda yangi qurilgan maktablar soni esa 56 ta. Yangi turar joy massivlarida 158 ta yangi maktabga ehtiyoj bor», – dedi u.

Vazir o‘z so‘zida deputatlarga murojaat qilarkan, davlat budjetini tasdiqlashda maktablarni qurish-ta'mirlash uchun ajratiladigan mablag‘ miqdorini oshirish borasida yordam so‘radi.

Shermatovga ko‘ra, hozirda avval maktab bo‘lgan binolarni xalq ta'limi tizimiga qaytarish bo‘yicha ishlar olib borilyapti.

«Lekin hammasi ham bo‘lmayapti. Toshkentning o‘zida 16 ta shunday bino ro‘yxatini tuzdik, lekin qaysidir vazirlik-idora tizimiga o‘tib ketgan, uni qaytarib olish oson bo‘layotgani yo‘q», – dedi XTV rahbari.

Sherzod Shermatov maktablarni qurish-ta'mirlashga homiylarni jalb etish choralari ko‘rilayotganini ham qayd etdi.

Top