12:33 / 04.05.2021
6911

O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni to‘g‘ridan to‘g‘ri muntazam aviaqatnovni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda

O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muntazam aviaqatnov yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda. Bu O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining Saudiya Arabistoniga tashrifi doirasida muhokama qilingan.

Tashrif doirasida bosh vazir o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov Ar-Riyod shahrida Saudiya Arabistoni investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Suhbat davomida energetika, qishloq xo‘jaligi, kimyo sanoati, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, turizm, transport va logistika sohalarida yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

Energetika va uning infratuzilmasini rivojlantirish sohasiga Saudiya Arabistoni qo‘shimcha investitsiyalarini jalb etish imkoniyatlariga alohida e'tibor qaratildi. Joriy yil mart oyida «ACWA Power» kompaniyasi direktorlar kengashi tomonidan O‘zbekistonda elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi quvvatlarni rivojlantirish bo‘yicha yangi dastur tasdiqlangan. Dastur Sirdaryo viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida umumiy miqdori 3 mlrd dollarga teng bo‘lgan qo‘shimcha loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutadi.

Xorijiy tomon Saudiya Arabistoni yirik kompaniyalarining iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati yuqori bo‘lgan mamlakat sifatida O‘zbekistonga qiziqishini ta'kidlab, Saudiya Arabistoni investitsiyalarini qo‘shimcha loyihalarni amalga oshirishga jalb etish bo‘yicha yaqindan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi. Shu o‘rinda joriy yil may-iyun oylari davomida ishbilarmon doiralar o‘zaro tashriflarini tashkil etish va Toshkent, Ar-Riyoz va Jidda shaharlarida qo‘shma biznes-forumlar o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Ikki mamlakat o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muntazam yo‘lovchi aviaqatnovini yo‘lga qo‘yish orqali o‘zaro sayyohlar oqimlarini ko‘paytirish masalalari ham muhokama qilindi. Har ikki yo‘nalishda ham ziyorat turizmini rivojlantirishning salmoqli salohiyati mavjudligi qayd etilib, tomonlar ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni yanada faollashtirishga kelishib oldi.

Ma'lumot uchun, “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi 2020 yil 27 fevral kuni Jidda va Madinaga aviaqatnovlarni to‘xtatgandi. Bu qaror Saudiya Arabistoni hukumatining 25 davlat, xususan, O‘zbekiston fuqarolarining kelishiga muvaqqat taqiq qo‘ygani bilan izohlangan. Saudiya Arabistoni, o‘z navbatida, taqiq COVID19 koronavirusi tarqalishining oldini olish bilan bog‘liqligini bildirgan. 

Bundan oldin, Saudiya Arabistonida O‘zbekiston Migratsiya agentligi vakolatxonasi ochilishi kutilayotgani xabar berilgandi

Top