14:50 / 05.05.2021
2512

Andijonda eng ko‘p qonunbuzilishiga yo‘l qo‘ygan davlat xizmati ko‘rsatuvchi tashkilotlar nomi ma'lum qilindi

Oltinko‘l tuman Davlat xizmatlari markazida Davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasi va uning shahar, tumanlardagi tizimlari tomonidan 2021 yilning 4 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.

2021 yilning 4 oyi davomida jismoniy va yuridik shaxslarga viloyatdagi Davlat xizmatlari markazlari tomonidan 240 mingga yaqin xizmat ko‘rsatilgan bo‘lib, ularning 182 416 tasi bo‘yicha shaxsan, 10286 tasi esa internet orqali qabul qilingan.

Eng ko‘p murojaatlar bolalarni maktabgacha ta'lim muassasasiga joylashtirish uchun ariza berish, Jismoniy shaxslar uchun soliq to‘lovchining identifikatsion raqamini olish va aniqlash, ruhiy kasallik hisobida turish yoki turmaslik hamda Narkologiya dispanseri hisobida turishi yoki turmasligi to‘g‘risida ma'lumot olish bo‘yicha kelib tushgan. 4 oy davomida 5 mingdan ortiq tadbirkorlik sub'yekti ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lib, shundan 6 tasi xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalar hisoblanadi. 

Qayd etish lozim, o‘tgan davr mobaynida boshqarmaning Davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan davlat xizmatlari ko‘rsatilishi ustidan nazorat qilish bo‘limi tomonidan xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar mas'ullari tomonidan 5653ta qonunbuzilish holatiga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan. Ularning 5291tasi muddatni buzish, 215tasi to‘g‘ridan to‘g‘ri xizmat ko‘rsatish, 9tasi asossiz rad qilish va 138tasi boshqa tusdagi qonunbuzilishlarni tashkil qilgan. 

«Aniqlangan holatlar yuzasidan 113 ta yozma ogohlantirish va 8 ta taqdimnoma kiritilgan, — deydi boshqarma bo‘lim boshlig‘i Sultonbek Isaqov. — Davlat xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarining 83 nafar mansabdor va mas'ul xodimiga nisbatan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, jazoga tortilgan. Yana 19 nafar xodimga nisbatan esa intizomiy ta'sir choralari qo‘llanilgan».

Davlat xizmatlarini ko‘rsatishdagi noqonuniy harakatlar bo‘yicha birinchi uchlikdan 1827ta holat bilan sog‘liqni saqlash muassasalari, 1320 ta holat bilan «O‘zbekenergo» AJ tizimi korxonalari, 1208ta holatda suv ta'minoti, kanalizatsiya tashkilotlari hamda 618ta qonunbuzilish holati bilan Kadastr agentligi tizimi idoralari joy olgan.

Mavzuga oid
Top