17:21 / 05.05.2021
25639

«Marhum yanvarda ichki ishlar organlaridan bo‘shatilgan» – O‘zini osgan IIB xodimi o‘limi bo‘yicha munosabat bildirildi

Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi Qumqo‘rg‘on tuman IIB boshlig‘i sobiq o‘rinbosarining o‘z joniga qasd qilishi bilan bog‘liq hodisaga munosabat bildirdi.

Ma'lum qilinishicha, 3 may kuni soat 08:00 larda Jarqo‘rg‘on tumanining «Markaziy Surxon» mahallasida yashagan Rustam Sirojiddinov uyidagi molxona shiftiga o‘zini osib, joniga qasd qilgan. Qumqo‘rg‘on tuman sud-tibbiyot ekspertizasi bo‘limining dastlabki ma'lumotnomasida marhumning o‘limiga «yuqori nafas yo‘llari siqilishi, mexanik asfiksiya, sirtmoqqa osilish» sabab bo‘lgani, erkakning badanida boshqa tan jarohatlari mavjud emasligi ko‘rsatilgan.

Viloyat IIB bayonotida marhum 1975 yilda Jarqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgani, muqaddam Qumqo‘rg‘on tuman IIB boshlig‘ining o‘rinbosari lavozimida ishlagani, pensiya olish huquqini beradigan bildirgisi asosida 2021 yilning yanvar oyida ichki ishlar organlaridan bo‘shatilgani keltiriladi.

Ta'kidlanishicha, sobiq IIB xodimining o‘z joniga qasd qilgani yuzasidan Jarqo‘rg‘on tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Kun.uz ichki ishlar organlaridagi manbalariga tayanib, Qumqo‘rg‘on tuman IIB boshlig‘ining sobiq o‘rinbosari, muqaddam Denov tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlagan podpolkovnik Rustam Sirojiddinov 2 may kuni o‘z joniga qasd qilgani haqida xabar bergan edi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yilda IIV Kadrlar bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Farid Abdiyev ichki ishlar xodimlari orasida o‘z joniga qasd qilish holatlari haqidagi savolga javob berarkan, suitsidlar asosan xizmat faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan holatlarda sodir bo‘lishi, oilada qanaqadir qarzdorlik bo‘lgan holatlarda ro‘y berishi mumkinligini aytgandi. Uning ma'lum qilishicha, ichki ishlar tizimida ish yuklamasidan kelib chiqib suitsid qilingan holatlar yoki xizmat paytida o‘zini qanaqadir xizmat quroli bilan [otib o‘ldirgani] kamdan-kam bo‘ladigan holat hisoblanadi va so‘nggi paytlarda bunaqa holatlar kuzatilmagan.

2019 yilning aprel oyida IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasining Toshkent viloyati manzil koloniyasi jinoyat qidiruv bo‘limi katta tezkor vakili, podpolkovnik Asomxo‘ja Abrorov o‘z kabinetida arqon bilan osilgan holatda topilgani xabar qilingan edi.

Top