Yanvar-mart oylarida Toshkentda soliq organlari mansabdorlarining xatti-harakatlarini g‘ayriqonuniy deb topish bo‘yicha 15 ta ariza sudda qanoatlantirilgan, 13 ta ariza rad etilgan.
Toshkent shahar ma'muriy sudi raisi Ulug‘bek Almamedov 1-chorak yakunlariga bag‘ishlab 4 may kuni o‘tkazilgan brifingda davlat mansabdorlarining xatti-harakatlarini g‘ayriqonuniy deb topish yuzasidan ko‘rilgan ishlar haqida ma'lumot berdi.
Ma'lum qilinishicha, 2021 yilning 3 oyi davomida ma'muriy organlar mansabdor shaxslarining xatti-harakatlarini g‘ayriqonuniy deb topish bilan bog‘liq ishlar soni tuzilmalar kesimida quyidagicha ko‘rinish olgan:
- Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi mansabdor shaxslarining xatti-harakatlarini g‘ayriqonuniy deb topish, ularning qarorlarini haqiqiy emas deb topish yuzasidan 176 ta ish ko‘rilgan. Shundan, 161 tasi qanoatlantirilgan, 6 tasi rad qilingan, 6 tasi ko‘rmasdan qoldirilgan, 3 tasi ish yuritishdan tugatilgan;
- mahalliy hokimliklar mansabdor shaxslarining xatti-harakatlarini g‘ayriqonuniy deb topish va hokim qarorlarini haqiqiy emas deb topish yuzasidan 106 ta ish ko‘rilgan. Shundan, 37 tasi qanoatlantirilgan, 46 tasi rad qilingan, 13 tasi ko‘rmasdan qoldirilgan, 10 tasi ish yuritishdan tugatilgan (Yer uchastkalarini olib qo‘yish, kompensatsiya);
- davlat soliq organlari mansabdor shaxslarining xatti-harakatlarini g‘ayriqonuniy deb topish, ularning qarorlarini haqiqiy emas deb topish yuzasidan 46 ta ish ko‘rilgan. Shundan, 15 tasi qanoatlantirilgan, 13 tasi rad qilingan, 18 tasi ish yuritishdan tugatilgan;
- adliya organlari (notarius, FHDYo, Davlat xizmatlari agentligi va b.) mansabdor shaxslarining xatti-harakatlarini g‘ayriqonuniy deb topish, ularning qarorlarini haqiqiy emas deb topish yuzasidan 11 ta ish ko‘rilgan. Shundan, 7 tasi qanoatlantirilgan, 3 tasi rad qilingan, 1 tasi ko‘rmasdan qoldirilgan.
Ulug‘bek Almamedovning qayd etishicha, davlat soliq organlari bilan bog‘liq ishlarning aksariyatini QQS qo‘llash bo‘yicha qarorlar ustidan berilgan shikoyatlar tashkil etadi.