11:05 / 05.05.2021
1758

Xorazmda 32 kishi nomiga ularning xabardorligisiz kredit olib o‘zlashtirgan shaxslarga jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Foto: KUN.UZ

Xorazm viloyatida 32 nafar fuqaro nomidan ularning xabardorligisiz kredit olishga erishgan MChJ hisobchisi va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Xorazm viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, «A.» MChJ bosh hisobchisi Sh.A. va boshqalar oldindan til biriktirib, aslida MChJda ishlamaydigan 32 kishi nomiga ularning xabardorligisiz kredit olgani aniqlangan.

Qayd etilishicha, ular soxta ma'lumotlarni tayyorlab, tijorat banklari filiallaridan jami 1,2 milliard so‘m kredit ajratilishiga erishib, so‘ng mablag‘larni o‘zlarining ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.

Ta'kidlanishicha, mazkur holat yuzasidan Sh.A. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 228-moddasi (hujjatlarni qalbakilashtirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Top