08:18 / 08.05.2021
43167

Navoiyda ham o‘qituvchi kaltaklandi. Masalani yopdi-yopdi qilishmoqchimi?

Avvallari shifokorlarning bemorlar yoki ularning yaqinlari tomonidan kaltaklangani haqida xabarlarga bot-bot duch kelayotgan edik. Endi kaltaklanayotgan kasb egalari orasida o‘qituvchilar ham uchray boshlagani juda achinarli holat.

Navoiy viloyati Navbahor tumanining Paxtakor mahallasidagi 33-umumiy o‘rta ta'lim maktabining ma'naviyat va ma'rifat ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari 5 may kuni maktab o‘quvchilaridan birining onasi tomonidan kaltaklangan.

Janjal oqibatida jarohatlangan o‘qituvchi «tez yordam» mashinasida shifoxonaga olib ketilgan va hanuz davolanishda. Kun.uz voqeani joyiga borib o‘rgandi.

Ma'lum bo‘lishicha, voqeaga 10-sinfda tahsil oluvchi o‘quvchi qiz maktabga formada kelmagani sabab bo‘lgan.

Bunga e'tiroz bildirgan direktor o‘rinbosari Dilbar Qodirova qizning onasi tomonidan o‘quvchi va o‘qituvchilar oldida kaltaklangan.

«5 may kuni ish jarayonida edim. Maktabning 10-sinfida tahsil oluvchi o‘quvchining onasi keldi. Qizi bo‘yicha gaplashib olish uchun direktor xonasiga kiritdik. Men direktor xonasiga kirmadim, o‘z ishim bilan band bo‘ldim.

Shu orada o‘quvchining o‘zi ham direktor xonasiga kirib, o‘qituvchilar haqida haqoratomuz gaplarni gapirgan. Ona «Nega mening qizimga yopishib oldinglar, hammangga ko‘rsataman», deya zalga chiqib, menga yopisha ketdi. Sochimdan tortib, direktor xonasiga sudrab kirdi. Yerga yiqitib, urdi. Shovqinni eshitib, o‘qituvchilar kelishdi. 5-6 nafar o‘qituvchi ham ajrata olishmadi. Men o‘zimni himoya qilolmay qoldim.

O‘quvchining yaqinlari kelib, jamoat joyida, o‘quvchilar ko‘z oldida o‘qituvchini shunchalik oyoqosti qilib tashlashi mumkinmi?! O‘qituvchining hurmati qayerda qolyapti?!

Biz o‘quvchining ma'naviyati bo‘yicha o‘zimizga qo‘yilgan talablar asosida ishimizni bajaramiz. Buni noto‘g‘ri tushungan ota yo ona maktabga kelib, o‘qituvchiga zo‘ravonlik qilib, uni urib, yer bilan bitta qilib ketyapti. Maktab shunchalar bedarvoza bo‘lib qoldimi, o‘qituvchini zo‘ravonlardan kim himoya qilishi kerak?!

Bu oila tomonidan bunday zo‘ravonlik birinchi marta sodir etilishi emas. Avvalroq qizning akasi ham maktabga kelib, o‘quvchilardan birini urib ketgan edi. «Maktabning ichki masalasi, chetga chiqarmaylik», deya indamay qo‘ygan edik. Endi o‘zim ham ularning nishoniga aylanib o‘tiribman», — dedi Dilbar Qodirova.

Jabrlanuvchi Dilbar Qodirova, 33-maktab direktori o‘rinbosari

Navbahor tuman tibbiyot birlashmasi jarrohlik bo‘limi travmatolog shifokori Abror Kubayevning ta'kidlashicha, tuman tibbiyot birlashmasiga olib kelingan Dilbar Qodirovaga «Bosh miya yopiq jarohati, bosh miyaning chayqalishi, yuz sohasidagi shilinishlar» tashxisi qo‘yilgan va u shifoxonaga yotqizilgan.

Abror Kubayev, Navbahor TTB jarrohlik bo‘limi travmatolog shifokori

Maktab direktori — xalq deputatlari Navbahor tumani kengashi deputati bo‘lgan Saodat Fayziyeva o‘zi rahbarlik qilayotgan ta'lim-tarbiya maskanida shunaqa voqea yuz bersa ham izohlashdan ko‘ra jimlikni afzal ko‘rdi. U Kun.uz’ga holat yuzasidan izoh bera olmasligini, o‘qituvchining qadr-qimmatidan ko‘ra voqea shov-shuv bo‘lmasligi muhimroq ekanligini bildirdi.

Saodat Fayziyeva, 33-maktab direktori, xalq deputatlari Navbahor tumani kengashi deputati

Voqeaning boshqa guvohlari ham biz bilan suhbatlashishni istashmadi.

Hayratlanarlisi, bir maktabning direktor o‘rinbosari kaltak yeb, 2 kundan beri shifoxonada yotganligidan tuman xalq ta'limi bo‘limi mudiri Xurshid Rahmatovning xabari ham yo‘q ekan. Telefon orqali holatga izoh so‘raganimizda, u bunday voqea sodir bo‘lganini bizdan eshitib turganini ma'lum qildi.

Aslida esa, «Paxtakor» mahallasi profilaktika katta inspektori, mayor Zokirjon Boboqulovga ko‘ra, Dilbar Qodirova hamqishlog‘i Hilola Adizova uni kaltaklaganligi yuzasidan tuman IIB boshlig‘iga ariza bilan murojaat qilgan. Uning arizasi ro‘yxatga olingan va sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan. Hozirda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Zokirjon Boboqulov, Paxtakor mahallasi profilaktika katta inspektori, mayor

Voqeani o‘rganib qaytar ekanmiz, Dilbar Qodirova bizga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini kaltaklagan ona bilan kelishib olishgani, ro‘y bergan voqea yuzasidan materialni chiqarmaslikni iltimos qildi. O‘qituvchining ovozidan unga bosim bo‘lganligi sezilib turardi.

Birozdan so‘ng esa o‘qituvchining otasi biz bilan telefon orqali bog‘lanib, tuman xalq ta'limi bo‘limi mudiri Xurshid Rahmatov shifoxonadagi qiziga agar voqea OAVda yoritilsa, uni ishdan bo‘shatib yuborish bilan tahdid qilganini ma'lum qildi.

«Rayono mudiri (tuman xalq ta'limi bo‘limi mudiri, demoqchi — R.S.) qizimga qo‘ng‘iroq qilib, ishdan bo‘shatib yuborish bilan tahdid qildi. Qizimni ishdan olishlaridan qo‘rqmayman, ammo zo‘ravon qizimni urgani uchun qonun oldida javob bersin», — dedi Dilbar Qodirovaning otasi.  

Avvalroq, Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumanidagi 50-maktabning homilador o‘qituvchisi, shu viloyatda Chiroqchi tumanidagi 134-umumiy o‘rta ta'lim maktabining ingliz tili fani o‘qituvchisi o‘quvchiga past baho qo‘ygani uchun kaltaklangan edi. 

Ertamiz egalari bo‘lgan farzandlarimizning ta'lim va tarbiyasi uchun mas'ul bo‘lgan sharafli kasb egalariga bo‘lgan munosabat yaxshilanmas ekan buyuk kelajakdan umid qilmasak ham bo‘laveradi.

Mas'ul idoralar ushbu noxush holatni nazoratga olishlari va o‘qituvchining kaltaklangani isbotlansa, aybdor shaxslarga albatta qonuniy chora ko‘rishlari shart.

Ruslan Saburov, Kun.uz muxbiri

Top