09:46 / 08.05.2021
3530

Samarqanddagi anhorda ko‘k rangli suv oqmoqda

Samarqand shahri markazidan oqib o‘tuvchi anhorda ko‘k rangli suv oqmoqda. Viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi mazkur holat yuzasidan surishtiruv olib bormoqda.

Ma'lum qilinishicha, joriy yilning 7 may kuni Samarqand viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi xodimlari tomonidan Samarqand shahri bo‘ylab olib borilayotgan kuzatuv nazorati davomida shahar markazidan oqib o‘tuvchi Chashma va Siyobcha kollektorlarining birlashish qismidan noma'lum sabablarga ko‘ra to‘q ko‘k (binafsha) rangdagi tarkibida ifloslantiruvchi moddalar me'yoridan ortiqcha bo‘lgan oqova suvlar oqayotgani aniqlangan.

Boshqarma tomonidan tashkil etilgan tezkor guruh tomonidan olib borilgan surishtiruvlarda «Samarqand viloyat suv ta'minoti» MChJga qarashli, Kurchatova ko‘chasida joylashgan SP-3 oqova suv ko‘tarib berish stansiyasi ishlamayotgani aniqlangan.

Boshqarmaning rasmiy munosabatida aytilishicha, hozirda tarkibida ifloslantiruvchi moddalar me'yoridan ortiqcha bo‘lgan oqova suvni kollektorga kim oqizayotganini aniqlash maqsadida qo‘shimcha surishtiruvlar olib borilmoqda. Surishtiruv natijasi e'lon qilinadi.

Top