10:52 / 10.05.2021
42523

AQSh Afg‘onistondagi qo‘shinlarini Markaziy Osiyoga joylashtirishi mumkin - WSJ 

AQSh Afg‘onistondan olib chiqilayotgan qo‘shin va harbiy texnikani Markaziy Osiyo va Yaqin Sharqda joylashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Jumladan, amerikalik harbiylar O‘zbekiston va Tojikistonga joylashtirilishi mumkin. Bu haqda amerikalik harbiy amaldorlarga tayanib The Wall Street Journal nashri xabar berdi.  

Harbiylarning fikricha, qo‘shinlar, uchuvchisiz parvoz qurilmalari, bombardimonchi va artilleriyaning ushbu mintaqalarga joylashtirilishi, ularda harbiy bazalar tashkil etish AQShga Afg‘onistondagi vaziyatni xorijiy qo‘shinlar olib chiqilgandan keyin ham nazorat qilish, mamlakat hukumatiga ko‘mak ko‘rsatish imkonini beradi. 

Afg‘onistondan xorijiy qo‘shinlar olib chiqilgandan keyin u yerda «Al-Qoida»ning qaytadan yuzaga kelishi yoki IShID kabi boshqa guruh paydo bo‘lishi, zo‘ravonlik avj olishi mumkinligi aytilmoqda. 

AQSh prezidenti Jo Bayden ma'muriyatidagi ba'zi harbiylar va amaldorlarning fikricha, qo‘shinlarni Afg‘oniston bilan qo‘shni bo‘lgan O‘zbekiston va Tojikistonga joylashtirish ma'qulroq variant hisoblanadi. Chunki bu amerikaliklarga zarurat holatida Afg‘onistondagi vaziyatga tezkorlik bilan javob berish imkonini beradi. Shu bilan birga, Rossiyaning Markaziy Osiyoda jiddiy harbiy kuchlarga egaligi hamda Xitoyning ushbu mintaqaga ta'siri tobora oshayotgani Vashingtonning mintaqada bazalar tashkil etish rejalarini qiyinlashtirishi mumkin. 

Agarda Vashington Afg‘oniston bilan chegaradosh davlatlarda qo‘shinlarini joylashtirishga kelisha olmasa, unda harbiylarni Fors ko‘rfazi davlatlariga joylashtirish variantini ko‘rib chiqishga tayyor. WSJ’ning eslatishicha, 2001 yilda amerikalik harbiylar O‘zbekiston va Qirg‘izistondagi bazalarga joylashtirilgan, biroq mos ravishda 2005 va 2014 yillarda ularni to‘liq tark etgan. 

Nashrning amerikalik mansabdor shaxslarga tayanib ta'kidlashicha, ayni kunda Markaziy Osiyoda AQSh harbiy bazalarini tashkil etish bo‘yicha hech qanday rasmiy so‘rovlar yo‘llanmagan. Pentagon hozircha ushbu imkoniyatning barcha ijobiy va salbiy jihatlarini baholamoqda. Bu boradagi yakuniy qarorni qabul qilishda AQSh davlat departamenti va Oq uy ham ishtirok etmoqda. 

AQSh «Tolibon» harakati bilan erishilgan kelishuvga ko‘ra, Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqishni boshladi. Ushbu jarayonni sentyabrda yakunlash rejalashtirilgan. Biroq ba'zi manbalarning ta'kidlashicha, amerikalik harbiylarning Afg‘onistondan olib chiqilishi ertaroq yakunlanishi mumkin.

  • Ma'lumot uchun, mudofaa sohasidagi asosiy hujjatlarga ko‘ra, O‘zbekiston o‘z hududida chet el harbiy bazalari va obektlarining joylashtirilishiga yo‘l qo‘ymasligi, Qurolli Kuchlarning xorijdagi tinchlik o‘rnatish bilan bog‘liq operatsiyalarda va harbiy mojarolarda ishtirok etmasligi ko‘rsatilgan.
Mavzu
AQShning Afg‘onistondan ketishi
AQSh Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy kampaniyasini tamomlamoqda. Toliblar esa mamlakat hududlarini birin-ketin egallab olmoqda.
Barchasi
Top