14:15 / 10.05.2021
8404

AQShda benzin narxi so‘nggi yetti yil ichida eng yuqori darajaga ko‘tarilishi mumkin

AQShning eng yirik quvur liniyasi Colonial Pipeline’ga uyushtirilgan kiberhujum natijasida kompaniya faoliyati to‘xtab qoldi. Kiberhujum to‘lov dasturidan foydalangan holda amalga oshirilganligi aytilmoqda.

Foto: AP

AQShning eng yirik quvur liniyasi Colonial Pipeline’ga kiberhujum uyushtirildi va liniya faoliyati to‘xtab qoldi. Bu AQShda so‘nggi 7 yil ichida eng kuchli yoqilg‘i narxining ko‘tarilishiga olib kelishi mumkin.

Bloomberg mutaxassislarining ta'kidlashicha, agar Colonial Pipeline quvuri AQShning Sharqiy sohiliga yozning boshiga qadar yoqilg‘i yetkazib berishni tiklamasa, mamlakatda benzin narxi so‘nggi yetti yil ichida eng yuqori darajaga ko‘tarilishi mumkin.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlarda bir gallon (3,785 litr) benzinning o‘rtacha narxi 2,96 dollarni tashkil etmoqda. Agar quvurni tez orada tiklash mumkin bo‘lmasa, yoz oyining boshlariga kelib, bir gallon benzin narxi 3 dollardan oshib ketishi mumkin.

Ta'kidlanishicha, neft mahsulotlari yetkazib berishning boshqa muqobil yo‘llari qidirilmoqda. Xususan, uni Meksika ko‘rfazidagi tankerlardan foydalangan holda tashish va saqlash imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda.

Kinder Morgan tomonidan boshqariladigan Plantation Pipeline quvuri ham Colonial Pipeline’ga alternativ sifatida tanlanishi mumkin. Biroq, uning o‘tkazuvchanligi bor-yo‘g‘i 720 ming barrelni(sutkasiga) tashkil etadi. Bu Colonial Pipeline'ga nisbatan( 3,4 millin barrel sutkasiga) qariyb 5 barobar kam degani.

AQShning Sharqiy sohil aholisining taxminan 45 foizini ta'minlaydigan kompaniya tizimlariga kiberhujum to‘lov dasturidan foydalangan holda amalga oshirilganligi aytilmoqda. Xabarlarga ko‘ra, hujumning ortida o‘zlarini DarkSide deb nomlagan xakerlar guruhi turgan bo‘lishi mumkin.

Hodisa fonida Colonial Pipeline kompaniyasi ishni vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Rahbariyatning so‘zlariga ko‘ra, ishni tiklash va normal ishlashga qaytish jarayoni allaqachon boshlangan.

Top