10:50 / 10.05.2021
4773

Samarqand davlat tibbiyot institutida sohaga innovatsion texnologiyalarni joriy qilish mavzusida xalqaro anjuman o‘tkazildi

Samarqand davlat tibbiyot institutida “Tibbiyot ta'lim jarayonini fundamental fanlar va klinik tibbiyotda innovatsion texnologiyalarning roli” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

Tibbiyot tizimi uchun malakali va professional jihatdan yetuk kadrlarni tayyorlashda, avvalo, innovatsion yutuqlardan foydalanish, tibbiy ta'lim jarayoniga innovatsion texnologiyalarni kiritish va ta'lim dargohlarida ulardan samarali foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi. Xalqaro ilmiy-amaliy forumda Rossiya, Italiya, Ozarboyjon, Qozog‘iston va O‘zbekistonning bir qator tibbiyot oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-amaliy markazlarining 300 ga yaqin vakillari ishtirok etdi.

Anjumanning tantanali ochilish marosimida SamDTI rektori, professor Jasur Rizayev, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi immunologiya va inson genomikasi instituti direktori, akademik Tamara Aripova, Ijyevsk davlat tibbiyot akademiyasi prorektori Marina Ivanova (Rossiya), Ozarboyjon davlat tibbiyot universiteti prorektori Mushfig Orujyev (Ozarboyjon) so‘zga chiqib, konferensiyaning ahamiyatiga to‘xtaldilar.

Yalpi majlisda tibbiy fundamental va klinik fanlar o‘qitish xususiyatlariga bag‘ishlangan ma'ruzalardan so‘ng konferensiya ishi shu'balarda davom etdi. “Normal anatomiya, gistologiya, sitologiya – embriologiya, mikrobiologiya, virusologiya, immunologiya ta'lim jarayoni amaliyotida innovatsion texnologiyalar”, “Patologik anatomiya, patologik fiziologiya ta'lim jarayoni amaliyotida innovatsion texnologiyalar”, “Klinik fanlar ta'lim jarayoni amaliyotida innovatsion texnologiyalar” va boshqa mavzularda ma'ruzalar eshitildi.

Konferensiya doirasida Pirogov interaktiv anatomik stolining odam anatomiyasi va klinik anatomiyasi fanlarini o‘qitishdagi roli, mikrobiologiya fanini o‘rganishda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, ta'limning interfaol metodlaridan foydalanib samarali amaliy mashg‘ulot o‘tkazish kabi mavzularda mahorat darslari tashkil etildi. Taniqli xorijlik mutaxassis, Italiyaning Milan universiteti professori Diyego Lopes tomonidan o‘tkazilgan “Estetik implantlar” mavzusidagi master-klass ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Samarqand davlat tibbiyot institutida o‘tkazilgan mazkur xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya respublikamiz tibbiyot oliy ta'lim muassasalarida o‘quv jarayonini yaxshilash, fundamental va klinik fanlar o‘qitish sifatini yanada yaxshilash, malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlash hamda respublikamiz va xorijiy tibbiyot oliygohlari hamkorligini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.

Samarqand davlat tibbiyot instituti matbuot xizmati

Top