11:18 / 11.05.2021
25113

«Abu Saxiy»da o‘z akasini pichoqlab qo‘ygan fuqaro 5 yilga qamaldi

«Abu Saxiy» bozorida o‘z akasini pichoqlab, uning qotiliga aylangan fuqaro 5 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda Oliy sud ma'lum qildi.

2020 yilning 16 dekabr kuni Chilonzor tumani «Toshkent savdo markazi» (sobiq «Abu Saxiy») kompleksi hududida N.M. o‘z akasi O.M.ni pichoq bilan urib, tan jarohati yetkazgani va O.M. olgan tan jarohati bilan shifoxonada vafot etgani haqida xabar berilgan edi.

Joriy yil 10 may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining ochiq sud majlisida mazkur jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, sud hukmi e'lon qilindi.

Unga ko‘ra, jabrlanuvchining qonuniy vakili — marhumning rafiqasi qaynukasi oilaning yagona boquvchisi ekani, unga nisbatan hech qanday da'vosi yo‘qligi sababli ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlashni so‘radi. Aka-ukaning onasi ham xuddi shunday fikrdaligini ma'lum qildi.

Sudlanuvchi N.M.ga JK 104-moddasining 3-qismi «d» bandi bilan JKning 57-moddasini qo‘llab, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.

Top