15:35 / 12.05.2021
5276

Moliya vazirligi aprelda davlat xodimlari ish haqi uchun qancha mablag‘ to‘langani haqida hisobot berdi

Aprel oyida budjet tashkilotlarida ishlovchi xodimlar ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar vaqtida va to‘liq to‘lab berilgani ma'lum qilindi.

2021 yil 7 may holatiga ko‘ra, Moliya vazirligi g‘aznachiligi tomonidan budjet tashkilotlarida ishlovchi ishchi xodimlarning budjet mablag‘lari hisobidan aprel oyi ikkinchi yarmi uchun jami 2 trln 693 mlrd 9 mln so‘mlik (96 foiz) ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar to‘lab berildi.

Vazirlikning xabar qilishicha, ishchi xodimlarning birinchi darajali to‘lovlari o‘z vaqtida amalga oshirib kelinmoqda.

Ushbu vazifa ijrosini ta'minlashda G‘aznachilik bilan budjet tashkilotlari o‘rtasida onlayn ravishda ma'lumotlar almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan.

G‘aznachilik va uning hududiy bo‘linmalarida budjet tashkilotlari tomonidan ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar yakuniy hisob-kitoblar bo‘yicha taqdim etilgan so‘rovnomalarga asosan to‘lab berilishi ta'minlanmoqda.

Avvalroq, 7 aprel holatiga ko‘ra, G‘aznachilik tomonidan budjet tashkilotlarida ishlovchi ishchi xodimlarning budjet mablag‘lari hisobidan mart oyi ikkinchi yarmi uchun jami 2 trln 780 mlrd 9 mln so‘mlik (96 foiz) ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar to‘lab berilgandi.

Top