09:59 / 12.05.2021
4641

Prezident: «Ikkinchi chorakda 75 trillion so‘mlik investitsiyalarni amalga oshirish zarur»

Prezident Shavkat Mirziyoyev makroiqtisodiy vaziyat, hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sishni ta'minlash bo‘yicha birinchi yarim yillikdagi vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazmoqda.

“Iqtisodiy o‘sish uchun, eng avvalo, asosiy energoresurslar ishlab chiqarish hajmlarini oshirish lozim. Masalan, birinchi chorakda tabiiy gaz qazib chiqarish 1,7 foizga kamaygani ta'sirida, 600 ming tonna sement, 55 ming tonna mineral o‘g‘itlar, 330 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmlari ta'minlanmagan.

Energetika vazirligi ikkinchi chorakda birinchi chorakdagi qoloqlikni bartaraf qilib, 9 milliard kub metr tabiiy hamda 165 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqarishni so‘zsiz ta'minlasin.

Sanoat tarmoqlari, tadbirkorlik sub'yektlari va aholi ehtiyojlarini to‘la qondirish uchun ikkinchi chorakda jami 15,5 milliard kilovatt elektr ishlab chiqarish zarur.

Ikkinchi chorakda sanoatning yoqilg‘i-energetikadan tashqari, boshqa tarmoqlarida jami 95 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish, birinchi yarim yil yakuni bilan sanoatning 7 foizga o‘sishini ta'minlash bo‘yicha barcha imkoniyatlarni safarbar etish zarur.

Elektrotexnika, to‘qimachilik, charm-poyabzal, qurilish materiallari, farmatsevtika kabi mahalliy sanoat tarmoqlarida birinchi yarim yil yakuni bilan kamida 20-25 foiz o‘sishni ta'minlash uchun barcha imkoniyatlarni ishga solish lozim.

Yana bir masala – qabul qilingan dasturga ko‘ra, “Hududgazta'minot”, “O‘zdonmahsulot”, “Agroservis”, “Agrolizing” korxonalarida transformatsiya jarayonlari sust ketmoqda.

Shuning uchun, ikki hafta muddatda takliflar tayyorlab, bosh vazir huzurida taqdimot qilinsin va natijasi bo‘yicha axborot berilsin. Ikkinchi chorakda 75 trillion so‘mlik investitsiyalarni amalga oshirish zarur.

Shundan, to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kreditlar – 1,7 milliard dollar, xalqaro moliya tashkilotlari mablag‘lari – 1,1 milliard dollar, budjet mablag‘lari – 8 trillion so‘m, bank kreditlari – 13 trillion so‘m”, deya Shavkat Mirziyoyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Top