18:12 / 14.05.2021
49167

«Ozarboyjonni qanday qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsak, Falastin voqealarida ham shunday harakat qilamiz» – Erdo‘g‘an

Erdo‘g‘an 19 mamlakat yetakchilari bilan Quddus va Falastinning boshqa shaharlaridagi voqealarni muhokama qilganini bildirdi.

Foto: REUTERS/Umit Bektas

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an AKP (Adolat va taraqqiyot partiyasi)ning tantanali tadbirida Isroilning G‘azoni bombardimon qilishi haqida munosabat bildirdi.

«Biz terrorchi Isroil davlatining vahshiyliklaridan ham g‘amginmiz, ham g‘azabdamiz. Turkiyaning bu masaladagi munosabati tamoman prinsipialdir.

Ozarboyjonning bosib olingan hududlarini ozod qilish uchun olib borgan kurashini qanday ishtiyoq bilan qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsak, bugun Falastinda sodir bo‘layotgan voqealarda ham ayni shu his bilan harakat qilamiz.

Suriya chegarasidagi terror koridoriga qanday qilib yo‘l qo‘ymagan bo‘lsak, Masjid ul-Aqsoga uzatilgan qo‘llarga ham ana shunday chora ko‘ramiz. Liviyaning bo‘linishiga qanday qilib yo‘l qo‘ymagan bo‘lsak, Somalining yolg‘iz qolishiga qanday qilib ko‘z yummagan bo‘lsak, Qrimning qo‘shib olinishini qanday rad etgan bo‘lsak, butun dunyo buni e'tiborsiz qoldirgan taqdirda ham Isroilning zulmiga shunchaki qarab turmaymiz.

Biz qizg‘in diplomatik faoliyat olib bordik, 19 mamlakatning davlat va hukumat rahbarlari bilan telefon orqali suhbatlashdik.

Biz xalqaro hamjamiyatning bu masaladagi befarqligidan afsusdamiz. Siyosiy xavotirlar va hiyla-nayrangli hisob-kitoblar bilan sukut saqlash orqali Isroil tomonidan to‘kilgan qonga sherik bo‘layotganlar bir kun o‘zlariga ham navbat kelishini bilishlari lozim.

Agar Isroilning Falastindagi tajovuzini zudlik bilan to‘xtatmasak, ertaga barcha bu shafqatsiz zehniyatning nishoniga aylanadi. Ushbu terroristik davlat barcha chegaralarni kesib o‘tdi. Quddus butun insoniyatning umumiy merosidir», degan Erdo‘g‘an.

Isroil va G‘azo sektorini nazorat qiluvchi HAMAS va «Islom jihodi» harakatlari o‘rtasidagi navbatdagi ixtilof 10 may kuni boshlandi. HAMAS Isroilga ultimatum qo‘yib, Quddusdagi Masjidul Aqso atrofidagi hududlar va Shayx Jarroh dahasidan xavfsizlik kuchlarini olib chiqishni talab qilgan, yo‘qsa urush boshlash bilan tahdid qilgan. Bundan avvalroq ushbu hududlarda Isroil politsiyasi va falastinliklar o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tgan. Ularning boshlanishiga Isroilning Shayx Jarrohdan falastinlik oilalarni chiqarib yuborish qarori sabab bo‘lgan.

G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligining ma'lumot berishicha, Isroil zarbalari oqibatida 119 nafar falastinlik halok bo‘lgan, 600dan ortiq kishi yaralangan.

Mavzu
Isroil va Falastin mojarosi
Yaqin Sharq may oyi o‘rtalarida Falastin-Isroil mojarosining 2014 yildan keyingi eng avj pallasini boshdan kechirmoqda.
Barchasi
Top