08:02 / 14.05.2021
5781

Xatlangan mol-mulkni baholash tartibi tasdiqlandi

Bosh prokuratura va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi qarori bilan Davlat ijrochilari tomonidan ijro harakatlarini amalga oshirishda xatlangan mol-mulkni baholash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Hujjat “Prokuratura to‘g‘risida”gi qonun hamda “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq qabul qilingan.

Nizomga muvofiq, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro qilish jarayonida realizatsiya qilinadigan, shu jumladan davlat daromadiga o‘tkaziladigan mol-mulk baholash obekti hisoblanadi.

Davlat daromadiga o‘tkaziladigan mol-mulkni baholashning xususiyati Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 15 iyuldagi 200-son “Davlat daromadiga o‘tkaziladigan mol-mulkni olib qo‘yish, sotish yoki yo‘q qilib tashlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori bilan belgilanadi.

Mol-mulkni baholashni tashkil etish davlat ijrochisi tomonidan amalga oshiriladi.

Belgilanishicha, davlat ijrochisi alohida ko‘char mol-mulkning shartnomaviy narxini faqat alohida olingan mol-mulk qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan, mol-mulk jami qiymati esa bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan oshmagan taqdirdagina, baholovchi tashkilotni jalb etmagan holda mustaqil belgilashi mumkin, avtomototransport vositalari bundan mustasno.

Quyidagi mol-mulkni baholash uchun baholovchi tashkilot jalb qilinadi:

  • avtomototransport vositalari;
  • dastgoh va uskunalar hamda ishlab chiqarish liniyalari;
  • ko‘chmas mulk;
  • fond birjasi rasmiy listingiga kiritilmagan va markazlashtirilgan tartibda kotirovka qilinmayotgan qimmatli qog‘ozlar.

Mol-mulk davlat ijrochisi tomonidan mustaqil baholanganda va mol-mulk baholovchi tashkilot tomonidan baholangan hollarda davlat ijrochisi tasdiqlangan shakllarga muvofiq alohida qarorlar chiqaradi.

Mavzuga oid
Top