21:47 / 15.05.2021
15387

AQSh Isroilning aviazarbasidan so‘ng undan OAV xavfsizligini ta'minlashni talab qildi

Avvalroq Isroil harbiy-havo kuchlari G‘azo sektoridagi mahalliy va xalqaro OAV ofislari joylashgan binoga zarba bergandi. AP agentligi rahbariyati Isroil aviatsiyasining zarbasidan shokda ekanini bildirdi.

Foto: AP/TASS

Oq uy G‘azo sektoridagi Associated Press agentligi va «Al-Jazira» kanali vakolatxonalari joylashgan binoga aviazarba berilganidan so‘ng Isroil hukumati bilan bog‘landi. Bu haqda AQSh prezidentining matbuot kotibi Jyen Psaki ma'lum qildi.

«Biz Isroilga jurnalistlar va mustaqil ommaviy axborot vositalari xavfsizligini ta'minlash birinchi navbatdagi vazifa ekanini to‘g‘ridan to‘g‘ri aytdik», deb yozdi u Twitter’da.

Avvalroq Isroil harbiy-havo kuchlari G‘azo sektoridagi mahalliy va xalqaro OAV ofislari joylashgan binoga zarba bergandi.

Isroil mudofaa armiyasining bayonotiga ko‘ra, bu binoda HAMAS harakatining razvedka shtabi faoliyat olib borgan.

Associated Press (AP) agentligi rahbariyati Isroil aviatsiyasining zarbasidan shokda ekanini bildirdi.

«Biz Isroil harbiylari AP byurosi va boshqa yangiliklar tarqatuvchi tashkilotlar joylashgan binoga zarba berganidan shokdamiz va qo‘rquvdamiz. Ular byuromiz qayerda joylashgani va u yerda jurnalistlar borligini bilardi. Biz binoga zarba berilishi to‘g‘risida ogohlantirildik», dedi AP prezidenti va bosh direktori Gari Pryuitt.

U odamlar mo‘jiza tufayli omon qolganini aytdi.

«O‘nlab jurnalistlar va shtatdan tashqari xodimlar bino ichida edi va baxtimizga, ularni vaqtida evakuatsiya qildik», deb qo‘shimcha qildi u.

Mavzu
Isroil va Falastin mojarosi
Yaqin Sharq may oyi o‘rtalarida Falastin-Isroil mojarosining 2014 yildan keyingi eng avj pallasini boshdan kechirmoqda.
Barchasi
Top