01:10 / 15.05.2021
10866

“Bunday kasalliklarni davolash bo‘yicha alohida shug‘ullanamiz va shaxsan o‘zim nazorat qilaman” – prezident

Foto: KUN.UZ

14 may kuni prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtda joylashgan Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga tashrif buyurdi va u yerdagi bemorlar hamda shifokorlar bilan suhbatlashdi.

“Sizlar hammangiz - mening farzandlarimsiz. Sog‘ayib ketishingizga ishoning, biz hamma choralarni ko‘ramiz”, – dedi davlat rahbari bemor bolalar bilan uchrashuvi chog‘ida. 

Shundan so‘ng respublikadagi onkologik vaziyat muhokama qilingan videoselektorda davlat rahbari yana shu markaz taqdiri bo‘yicha to‘xtalib o‘tdi:

“Onkogematologiya markazini poytaxtning Arnasoy ko‘chasidagi yangi majmuaga ko‘chiramiz. U joyni kovidga qarshi qurgandik, Xudoga shukr, kovidni ancha jilovlab oldik. U markazda 150 ta bolalar uchun va ularning onalari uchun yana 150 ta joy qilamiz. Hozirgi shifoxonaga kirdim, ahvoli qoniqarli emas. Hozirdan issiq, qishda sovuq. Umuman, hokimlarga alohida topshiriq, viloyatlarda ham bunday shifoxonalar qurilishida alohida e'tibor beringlar – derazalari katta, xonalar tor va noqulay bo‘lmasin. Bemorlarga mos mo‘'tadil harorat bo‘lsin. Bolalar yillab davolanishyapti, ularning ta'limi masalasini ham o‘ylab ko‘rish kerak. Axir hozir onlayn dars berish imkoniyatlari ham bor-ku.

Eng muhimi – endi bunday kasalliklarni davolash bo‘yicha alohida shug‘ullanamiz va shaxsan o‘zim nazorat qilaman. Ilik ko‘chirish uchun bemorlar xorijga borishyapti, 100 minglab dollar sarflashyapti. Axir buncha pulni topish oson emas-ku. Endi bunday xarajatlarning 50 foizi davlat tomonidan qoplanadi, har bir viloyat o‘zining bemorlarini o‘rganib, ro‘yxat tuzib beradi. Kelajakda yangi markazimizda ilik ko‘chirish bo‘yicha maxsus bo‘lim tashkil qilamiz va unga xorijlik shifokorlarni taklif qilamiz”, – dedi prezident.

Davlat rahbari soha malakali mutaxassislarga muhtoj ekanligini ham ta'kidladi:

“Eng katta xato vaqtida ilm dargohlariga e'tibor berilmagani bo‘lgan. Biz binoni qurishimiz mumkin, lekin malakali mutaxassislar bo‘lmasa, befoyda. Endi ilmga e'tibor, soha vakillari faoliyatiga subsidiyalar beramiz. Mana, Mustaqilligimizning 30 yilligi arafasida turli soha vakillari mukofotlarga tavsiya qilinadi. Onkogematologiya vakillarini mukofotlashda ko‘proq kvota ajratsak adolatdan bo‘ladi”, – deya prezidentning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Top