11:41 / 16.05.2021
33989

Toshkentda soliq inspektori 3,5 ming dollar, Andijonda 15 mln so‘m bilan ushlandi

Yunusobod tumani DSI katta inspektori va Buloqboshi tumani DSI bosh inspektori jinoyat ustida qo‘lga olindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati Kun.uz'ga xabar berdi.

Yunusobod DSI katta inspektori / Videodan kadr

Toshkent shahar Yunusobod tuman davlat soliq inspeksiyasi katta inspektori mahalliy MChJ ta'sischisidan 3,5 ming AQSh dollari miqdorida pora olgan vaqtida ushlandi.

Aniqlanishicha, mazkur mansabdor shaxs ushbu pul evaziga MChJda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan kameral tekshiruvda ijobiy xulosa berilishini va'da qilgan.

Tezkor tadbir DXX Toshkent shahar boshqarmasi hamda shahar prokuraturasi va departament tomonidan o‘tkazilgan.

Videodan kadr

Andijon viloyati Buloqboshi tuman davlat soliq inspeksiyasi bosh inspektori 15 mln so‘m olgan vaqtida ushlandi.

U mahalliy fuqaroga tegishli bo‘lgan 33 sotix yer maydonining aslida soliqdan qarzdorligi bo‘lmasa-da, 30 mln so‘m qarzi borligini aytib, ushbu qarzdorlikni bartaraf qilib berish evaziga 15 mln so‘m talab qilgan.

Buloqboshi tuman DSI bosh inspektori
Videodan kadr

Tezkor tadbir DXX Andijon viloyati boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Namangan va Jizzaxda ikki nafar hokim o‘rinbosari qo‘lga olingani xabar qilingandi.

Top