23:00 / 17.05.2021
9179

Lukashenko ommaviy tartibsizliklarni bostirishda jangovar qurolni qo‘llashga ruxsat berdi

 Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko “Belarus Respublikasi milliy xavfsizligini ta'minlash masalalari bo‘yicha qonunlarga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonunni imzoladi. Ushbu qonun kuch tuzilmalariga “vaziyatdan kelib chiqib” qurol va maxsus vositalar qo‘llash huquqini beradi.

Foto: Reuters

Yangi qonun bilan jismoniy kuch, maxsus vositalar, qurol, jangovar va maxsus texnikani qo‘llash shartlari va ko‘lami belgilanadi. Hujjatda huquq-tartibot idoralari xodimlari yuqorida keltirilgan vositalarni qonunga muvofiq qo‘llaganda yetkazilgan zarar uchun javobgar bo‘lmasligi ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, ichki ishlar idoralari ommaviy tartibsizliklar oldini olishda jangovar va maxsus texnika qo‘llash huquqini oladi. Qonun e'lon qilingandan bir oy o‘tib kuchga kiradi.   

Fevral oyida Belarusdagi norozilik namoyishlari davomida birinchi halok bo‘lgan namoyishchi Aleksandr Taraykovskiyning o‘limi yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilmasligi ma'lum bo‘lgan. Militsiyaning ta'kidlashicha, Taraykovskiy huquq tartibot idoralari xodimlari tomon portlovchi qurilma otmoqchi bo‘lganda, qurilma uning qo‘lida portlab ketgan. Keyinroq kuch tuzilmalari Taraykovskiyni to‘xtatish uchun jarohatlovchi qurol qo‘llagani, u olingan jarohatlardan biri oqibatida voqea joyida halok bo‘lgani ma'lum bo‘lgan.

Mavzuga oid
Top