18:23 / 17.05.2021
2190

Surxondaryoda tegishli hujjatlari bo‘lmagan shaxs sodir etgan YTHda 11 yoshli bola halok bo‘ldi

Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida mashinani tegishli hujjatlarsiz boshqargan shaxs yo‘l-transport hodisasi sodir etgan. Oqibatda 11 yoshli bola halok bo‘lgan. Bu haqda viloyat IIB YHXB xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 16 may kuni soat 16:20larda Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi ro‘y bergan. Tumanning Majnuntol mahallasida yashovchi shaxs tegishli hujjatlari bo‘lmagan holda davlat ahamiyatidagi 4R 103 avtomobil yo‘lida VAZ-2107 mashinasi bilan harakatlanib kelayotganda yo‘lni kesib o‘tayotgan shu mahallada yashovchi 11 yoshli bolani urib yuborgan.

Oqibatda og‘ir tan jarohatlari olgan bola Sherobod tibbiyot birlashmasiga qarashli shifoxonaning jonlantirish bo‘limida vafot etgan.

Surishtiruvlarda ma'lum bo‘lishicha, mazkur shaxs VAZ-2107 mashinasini qo‘shni tumanda yashovchi shaxsdan sotib olgan va haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan holda boshqarib kelgan. U hodisa sodir bo‘lganda tajribasizlik va e'tiborsizlik qilgani aniqlangan.

Qayd etilishicha, mazkur shaxs sodir etgan hodisa yuzasidan tuman IIB tomonidan qo‘shimcha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Top