15:06 / 18.05.2021
7112

Elektromobillarni sotib olish yoki vaqtinchalik olib kirish uchun yig‘im bekor qilinishi mumkin

Bugun, 18 may kuni, Qonunchilik palatasining yalpi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda parlament matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, yalpi majlisda deputatlar “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqyaptilar.

Loyihada tadbirkorlik sub'yektlarini yanada qo‘llab-quvvatlash, koronavirus pandemiyasining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta'sirini yumshatish hamda aholi daromadlarini oshirishga qaratilgan normalar o‘z aksini topmoqda.

Qonun loyihasi bilan elektr dvigateli orqali harakatlanadigan avtomototransport vositalarini sotib olish va (yoki) O‘zbekiston Respublikasi hududiga vaqtinchalik olib kirish uchun yig‘im to‘lashdan ozod etilishi nazarda tutilyapti. 

Muhokamalar davom etmoqda, deyiladi xabarda. 

Top